O‘zbekiston Transport vazirligi shaharlararo avtobus yo‘nalishlariga chiptalarni sotish bo‘yicha onlayn-xizmat ishga tushirilgani haqida xabar qildi. Avtoticket.uz saytidan ham kompyuter, ham telefon orqali foydalanish mumkin. Mobil ilova ham ishlab chiqilmoqda.

Hozircha «Toshkent» avtovokzalidan harakatlanayotgan shaharlararo mahalliy yo‘nalishlardagi avtobus qatnovlariga chiptalarni sotib olish mumkin. Yaqin orada mamlakatdagi qolgan avtovokzallar ham ulanadi, chiptalarni oldindan sotib olish muddati uzaytiriladi.

Chiptani rasmiylashtirishda o‘rindiqni mustaqil ravishda belgilash mumkin. To‘lov amalga oshirilganidan so‘ng QR-kodli elektron chipta shakllantiriladi. U maxsus uskuna yordamida hisobdan o‘tkazilishi uchun haydovchi yoki konduktorga taqdim etiladi. Avtobusga chiqishda yo‘lovchi ismini chiptada ko‘rsatilgan ism-sharif bilan solishtirish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi lozim.

«Toshkent» avtovokzali ko‘p yillar davomida yopiq turganidan so‘ng joriy yilning may oyida ochilgan edi. Mamlakat bo‘ylab avtobus yo‘nalishlari va avtovokzallar tarmog‘i shakllantirilmoqda.