Shu yilning may oyida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘lgan, «Andijoncha spektakl» nomini qozongan voqeaning 6 nafarishtirokchisi yangi uy bilan ta’minlandi. Bu haqda «Xalq so‘zi Online» xabar berdi.

Ular Andijon viloyati hokimligi tomonidan prezident tashrifi munosabati bilan yangi uyga ko‘chirilganligini, davlati rahbarining tashrifidan so‘ng uy tortib olinganligi to‘g‘risida xabar bergan edilar. O‘z navbatida viloyat hokimligi ushbu 6 nafar ayollardan bir nafari kottej uy bilan ta’minlanganligini, qolgan 5 nafariga esa qurilishi davom etayotgan ko‘p qavatli uylardan xonadonlar ajratilishini ma’lum qilgandi.

Respublika mustaqilligining 28 yilligi arafasi Xurshida Tillayeva, Muyassar Rahimova, Dilfuza Teshaboyeva, Shohista Bakirova, Mehrinoz Abduvaliyeva, Hayriniso Ermatova yangi xonadonga ko‘chib o‘tdi.

«Boshimdan ko‘p savdolar o‘tdi. Bu orada tushunmovchiliklar ham bo‘ldi. Bugun shu uyga ko‘chib kirgach, yelkamdan tog‘ ag‘darildi go‘yo. O‘zimni yengil xis qila boshladim. Qalbimdagi barcha g‘uborlar tarqab ketdi. Aslida boshimga tushgan shuncha tashvishdan so‘ng Rossiyaga ketishga ahd qilgan edim. Endi ko‘rib turganingizdek, uyim bor! Qolaversa, mahallamizda faoliyat yuritayotgan tikuvchilik sexi rahbarlari yana ishga qaytishimizni so‘rashyapti. Uyim bo‘lganidan keyin, tayinli oylik maosh beruvchi ish joyim bo‘lsa, o‘zga davlatga ketishga hojat ham yo‘q», — deydi yangi uy sohibalaridan biri Muyassarxon Rahimova.