Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda katta shov shuvga sabab bo‘lgan Yakkabog‘ tumanidagi tadbirkorning do‘koni mahalliy hokimlik mas’ullari tomonidan qanday buzilgan bo‘lsa, shunday qaytadan tiklab berildi. Ammo hokimiyat tomonidan qayta ta’mirlandi, degan iddaolar o‘z isbotini topmadi. Bu haqda «Xalq soʻzi"onlayn nashri xabar berdi.

Tadbirkor Bahriddin Isomovning o‘g‘li Sharofiddinning xabar qilishicha, voqeadan ikki kunlardan keyin tuman hokimi o‘rinbosari boshchiligidagi odamlar kelib do‘konning majburiy buzilishini aytib, ust qoplamasi va eshik romlarini qo‘porib tashlagan edi.

Odamlarning qattiq noroziligiga olib kelgan keyingi voqealar hukumat darajasida ko‘rib chiqilib, bu ishlar noqonuniy ekanligi aniqlandi va adolat tiklandi.

Ammo Sharofiddinning ta’kidlashicha hali adolat to‘liqtiklangani yo‘q.

— Kimdir do‘konimizni hokimiyatdan kelib ta’mirlab berishdi, degan gaplarni tarqatibdi. Aslida hokimiyat odamlari o‘zlari buzgan narsalarni joyiga qo‘yishdi, xolos. Qolganini, ya’ni do‘kon fasadi va pardozlash ishlarini o‘z hisobimizdan, 20 million so‘mga yaqin mablag‘ sarf etib, amalga oshirdik. O‘sha kunlarda bizning mulkimizga katta zarar yetdi, albatta. Qayta tiklab bo‘lmaydigan narsalarni endi sud orqali undirishimizga to‘g‘ri keladi. Umuman, bizga hokimiyatning muruvvati kerak emas, o‘zimizning kuchimiz yetadi. Faqat hozir tergov ishlari davom etayotgani uchun otamizni ehtiyot chorasi sifatida hibsxonada ushlab turishibdi. U kishi uyga qaytsa, shu yerdan turib ham tergov ishlarida ishtirok etsa, adolatdan bo‘lar edi, — dedi tadbirkorning o‘g‘li Sharofiddin.