O‘tgan haftada Toshkentdagi «Malika» savdo markazida reyd o‘tkazildi va soqol qo‘ygan kishilar Shayxontohur tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, majburiy ravishda soqoli oldirib tashlandi. Ushbu holat jabrlanuvchilaridan biri bo‘lgan Jamoliddin Muhammadjon bu ish haqida ommaviy ravishda ma’lum qilgan yagona shaxs bo‘ldi. «Gazeta.uz» buni oshkor qilgan bloger bilan suxbatlashdi.

Jamoliddin Muhammadjon Feysbukning o‘zbek segmentida mashhur blogerlardan sanaladi. Shuningdek u «Qamar» kitoblar do‘konining rahbari hamdir. Uning o‘zi voqeani quyidagicha hikoya qiladi.

«Malika» savdo markazi.

«2019 yil 23 avgust, juma kuni, soat 14:30 atrofida „Malika“ bozoridan chiqib ketayotganimda ichki ishlar xodimlari meni to‘xtatib, o‘zlarini tanishtirmasdan shaxsimni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qildi. Hujjatlarim borligimni aytganimga qaramasdan meni Shayxontohur tumani 4-sonli ichki ishlar bo‘limiga („4-gom“) olib borishdi».

Jamoliddin o‘sha yerga borganidan keyin nima uchun olib kelinganini taxminan bilganini ma’lum qildi. «Kirishda uzun navbat, hamma soqol qo‘ygan fuqarolar to‘plangan. Demak, soqol bo‘yicha gaplashamiz, deb o‘yladim. Navbat uzunligini hisobga olib, nima maqsadda olib kelishganini so‘radim. Yuqori qavatga chiqib tushamiz, deb aytishdi. Navbat kutishga vaqtim yo‘qligini aytdim va ketmoqchi bo‘lib darvoza tomon yurdim. Darvoza oldida ichki ishlar mayori (o‘zini tanishtirmasdan) hujjat so‘radi. Xodimga fuqaroga murojaat qilganda o‘zini tanishtirish kerakligini eslatdim. „Nima, sen aqllimisan?“ degan savol berganda „ahmoq emasman, aqlliman“ deb javob berdim. Hujjatlarimni yana takroran so‘radi va men, o‘z navbatida undan ismi sharifi va xizmat lavozimini so‘radim. Shunda u o‘zini Dilshod deb tanishtirdi. Men undan familiyasi lavozimini takroran so‘radim, bu safar ismini Hikmat dedi, boshqa ma’lumot bermadi. Ismini aniqlashtirish maqsadida „ismingiz Dilshodmi, Hikmatmi?“ deb so‘raganimda, „Aqllilik qilyapsanmi“ dedi. „Jinnilik qilmayman-ku“ degan javobimga „jinnilik qilib ham ko‘rchi“ deb po‘pisa qildi. Pasportimni ochiq holda unga ko‘rsatdim. Qo‘limdan pasportimni yulib oldi. Pasportni olish haqqi yo‘qligini, o‘zim ko‘rsatishimni aytgandim, „senga buni kim berganini bilasanmi?“ deb, pasport kim tomonidan berilganligi haqidagi qaydni ko‘rsatib, „pasportni istalgan vaqtda olishimiz mumkin. Bu sening shaxsiy mulking emas“ dedi. Shunda men unga pasportning orqa tarafidagi yozuvni o‘qib ko‘rishni tavsiya qildim. „Aqllilik“ haqidagi gaplarini yana bir bor takrorlab, boshqa xodimga meni ichkariga olib kirish haqida buyruq berdi».

Jamoliddin Muhammadjon bino ichida ichki ishlar xodimlari uni mazax qilishganini ham bildirdi. «Bino ichiga kirganimda telefonni topshirishni talab qilishdi. Telefonni topshirib, raqamli birka oldim. Ichkarida meni formasiz xodim kutib oldi. Undan o‘zini tanishtirishni talab qilganimda, u o‘zini tezkor xodim Abdurasulov Hojiakbar, deb tanishtirdi. Ikkinchi qavatga ko‘tarildik. U yerdagi navbatda tashqaridagidan ko‘ra ko‘proq odam bor edi, hammasi soqol qo‘gan yigitlar. Navbatim kelganda suratga olish xonasiga kirdim, suratga olishdi. Keyin kompyuter oldida o‘tirgan xodim familiyamni so‘radi, o‘z navbatida men undan o‘zini tanishtirishni so‘radim. O‘zini tanishtirishdan bosh tortgan xodim shu yerda ishlashini aytish bilan cheklandi».

Familiyamni so‘radi, hujjatimni ochiq holda ko‘rsatdim, qo‘liga olmoqchi bo‘lganda hujjatni shunday ko‘rishi mumkinligini aytdim. Ma’lumotlarimni kompyuterga kiritish asnosida asabiylashishni boshladi va oldida turgan baklajkani yuzimga olib kelib «sizni basharangizga shunday qilsam yoqadimi» deb so‘radi. Unga yuzni bashara deyish chiroyli emasligi aytdim. Xodim «yuz» so‘ziga «aft, chehra, jamol» kabi sinonimlarni keltirib, «qaysi biri sizga ma’qul» deb mazax qilishni boshladi. Men uning bu harakatlariga e’tibor bermaslikka harakat qildim. U mendan boshqa hamma olib kelinganlar itoatli ekanligini, ortiqcha gap qaytarmayotganini aytib yana asabiylashdi. So‘ralgan ma’lumotlarni tezda aytib keyingi xonaga chiqdim. U yerda ichki ishlar bo‘limiga olib kelinganlarni soqolini olishayotgan ekan, to‘rt nafar sartarosh tomonidan. Olib kirgan xodim soqolimni oldirish kerakligini aytdi. Men unga javoban soqolimni oldirmasligimni aytdim. Unda boshqa xonaga suhbatga kirishimni aytishdi. Ichkarida odam borligi tufayli kutishga to‘g‘ri keldi. Navbatim kelganida ichkariga kirdim. Bundan keyingi jarayonlarda formasiz suhbatdoshlarning hech biri o‘zini tanishtirmadi (ekspertdan tashqari)".

Blogerdan soqolini oldirishini talab qilgan ichki ishlar xodimi soqol oldirish haqida yuqoridan buyruq borligini, lekin hujjat ko‘rsatmasligini aytgan. «Xodim ismi sharifimni so‘radi. Undan o‘zini tanishtirishni ko‘p marta so‘rasam ham o‘zini tanishtirmadi. Soqolni nima maqsadda qo‘yganimni so‘radi. Soqol o‘zimga yoqishini aytdim. Mavzuga diniy tus berishga harakat qilishdi, ya’ni soqolni sunnat yoki vojib deb qo‘yganligimni so‘rashdi. Ularga takroran soqolim o‘zimga yoqishini, bu shaxsiy tanlovim ekanini aytdim. Xullas, soqolimni olishim shartligini aytdi. Men unga bunday qilmasligimni aytdim. U esa soqolimni oldirmasdan u yerdan chiqaolmasligimni aytdi. Men undan soqol qo‘yish mumkin emasligi haqidagi hujjatni so‘radim, lekin u menga soqolimni baribir oldirishim kerakligini aytdi. Olmasligimni aytgandim, ichki ishlar xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmayapsiz, deb tahdid qildi. Men unga ichki ishlar xodimining noqonuniy talabiga bo‘ysunmasligimni aytdim. Shunda u soqol oldirish haqida yuqoridan buyruq borligini, lekin hujjat ko‘rsatmasligini aytdi. Uning bu talabiga javoban men unga soqolimni oldirmasligimni aytdim. Soqolimni qo‘limga kishan solgan holdagina majburlab olishi mumkinligini aytdim. U menga shunday tasavvur qilib, soqolimni oldirishimni aytdi. O‘z navbatida unga ustidan shikoyat qilishimni aytdim. Qayerga shikoyat qilishimni so‘raganida undan yuqori turuvchi organlarga shikoyat qilishimni, uni sudga berishimni, qilayotgan bu noqonuniy ishlari OAVga olib chiqishimni aytdim. Bunga javoban soqolni oldirib istagan joyimga arz qilishim mumkinligini aytdi. Bu orada boshqa bir formasiz xodim telefonim bor-yo‘qligi bilan qiziqdi. Unga telefonimni nazorat punktida qoldirganimni aytdim. U mendan raqamli birkani oldi va telefonimni olib chiqib tekshirdi. Unga telefonimda oilaviy, shaxsiy suratlarim borligini, ularni begonalar ko‘rishini xohlamasligimni aytdim. Lekin u menga quloq solmadi».

Soqol oldirmaslikdan boshqa iloji yo‘qligini sezgan bloger bunga majbur bo‘lganini, bu jarayonda ham uni masxara qilishganini aytdi.

«Vaqt tig‘izligi sababli va xodim aytganidek, soqolni oldirmasdan u yerdan chiqaolmasligimni tushunib, sartaroshxonaga chiqdim. Soqolimni olish uchun bo‘ynimga mato tashlagan sartaroshdan uni majburan olib kelinganligini so‘rab bildim. Soqolimni 1 sm qoldirib olishini so‘radim. Soqol olish jarayonida eshik oldida turgan xodim „sochini ham olib tashla“ deb masxara qildi. Soqolimni 1 sm qoldirib olinishiga ruxsat berishmadi, boshqachasiga oldirmasligimni aytdim. Men bilan suhbatlashgan odam soqolimni ko‘rib soqolimning uzunligi to‘g‘ri kelmasligini, „0“ qilib olinishi kerakligini aytdi. Bunga keskin rad javobini berdim. Xodim soqolimni u xohlaganidek oldirib istagan joyimga shikoyat qilishim mumkinligini aytdi. Ungacha u xonadan chiqmasligimni aytdi. Men unga kuch ishlatmasdan soqolimni ololmasligini aytdim. Shunda bunga majbur qilmasligimni, oqibati yomon bo‘lishini, shunchaki „soqolimni urib oldi“ deb tasavvur qilishimni aytdi. Bunga ko‘nmagandim, turgan joyimda soqolimni olib tashlashdi».

O‘zini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasanning shogirdi deb tanishtirgan Murodxon ismli kishi soqolli odamlar Suriyaga ketib qolayotganini va shu tufayli bundan keyin hammaning soqoli olinishini bildirgan. «Soqolim olib bo‘lingach u yerdan chiqmochi bo‘ldim, lekin meni avvalgi suhbat bo‘lgan xonaga olib kirishdi va xonaning o‘rtasiga o‘tkazib qo‘yib, soqolsiz ko‘rinishim unga yoqayotganini aytdi. Tashqi ko‘rinishim unga yoqish-yoqmasligi meni qiziqtirmaslini aytdim. U menga chiyroli bo‘lib qolibsiz deb, g‘alati gapirishni boshladi va meni xijolat bo‘lishga majbur qildi, xonadan tezroq chiqib ketgim keldi. U mendan keyingi rejalarim haqida so‘radi. Yurist bilan qaytib kelishim, bu noqonuniy ishi yuzasidan tegishli idoralarga arz qilishim va OAVga murojaat qilishimni aytdim. Bu gapimdan keyin suhbatimiz cho‘zildi. Sababsiz ushlab turishdi. Telefon orqali «Qori aka»ni chaqiringlar» deb kimnidir chaqirtirishdi. Yarim soatlar chamasi o‘sha odam kelishini kutdik. Keyinchalik o‘zini Nuriymon Abulhasanning shogirdi deb tanishtirgan kishi ismi Murodxonliginigina aytdi va boshqalar qatori o‘zi haqida boshqa ma’lumot bermadi.

Mendan soqolni nima qo‘yganimni so‘ray boshladi. Yuqoridagi javoblarni takrorlab, bu mening shaxsiy ishim ekanligini, qanday yashashni o‘zim hal qilishimni aytdim. U menga agar soqolni sunnat deb qo‘ymasa, bundan hech qanday savob yo‘qligini aytdi. Savob-gunoh Xudo bilan o‘zimning o‘rtamdagi ish ekanini va bu haqida u odam bilan gaplashish istagim yo‘qligini aytdim. «Bu vahhobiylarning gapi», — degan javobni aytib meni qo‘rqitmoqchi bo‘ldi. Uning bu gapiga javoban «vahhobiylar» bilan ishim yo‘qligini aytdim. U menga diniy bilimimni sinash maqsadida turli savollar bera boshladi. Soqolli odamlar Suriyaga ketib qolayotganini va shu tufayli bundan keyin hammani soqoli olinadi, deb aytdi. Men soqolni Suriyaga ketish uchun qo‘ymaganimni, misol keltirish uchun dunyoda Suriya va Afg‘onistondan boshqa davlatlar ham borligini eslatdim. Angliya, Germaniya, AQSH kabi davlatlarda soqolli odamlar hatto parlamentda ham borligini aytdim. Bu gapimdan keyin yonimizda o‘tirgan xodimlardan biri «bu yer O‘zbekiston, xohlasangiz o‘sha davlatlarga ketishingiz mumkin», deya Vatanimdan chiqib ketishimni taklif qildi. Bunga javoban men O‘zbekiston huquqiy-demokratik davlat ekanini, bu yerda soqol o‘stirib yurish qonun bilan taqiqlanmaganini va Vatanimdan kechmasligimni aytdim".

Jamoliddin Muhammadjon shundan keyin ham unga turli savollar berish to‘xtamaganini bildirdi. «Vaqt kech bo‘lib zarur ishlarim qolib ketayotgani, kun botib qorong‘u tushishiga oz qolgani sababli ketishga izn so‘radim. Bir necha bor koridordan qaytarib ichkariga olib kirishdi, suhbat yuqoridagi kabi takrorlanaverdi. To quyosh botgunicha sababsiz ushlab turaverishdi. Ketishimga ruxsat berishgandan keyin zina tomon yurayotganimda yana qaytarib chaqirishdi va suratga qaytadan tushishim kerakligini aytishdi. Huquq himoyachilarining noqonuniy harakatlaridan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining huquqlarini bemalol poymol qilayotganlarini ko‘rib xo‘rligim keldi va ko‘z yoshimni tutolmadim. Suratga ikkinchi bor tushayotgan vaqtimda ko‘z yoshlarimni artib o‘zimni qo‘lga olishga harakat qildim. Ma’lumotlarimni yana bir bor so‘rashdi. Yig‘i aralash gapirishga qiynaldim va pasportimni tutqazdim. O‘sha yerda o‘tirgan boshqa xodimlar go‘yoki odam faqat kaltaklangandagina yig‘laydi deb o‘ylashsa kerak, sizni kimdir urdimi yoki so‘kdimi, deya savollar bera boshlashdi. Ular bilan ortiq suhbatlashishga xohishim yo‘q edi. Hujjatimni olib ichki ishlar bo‘limini tark etdim», deydi u.

Jamolliddin Muhammadjon mazkur holat yuzasidan —

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga;

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti adminstratsiyasiga;

Davlat xavfsizlik xizmati raisiga;

Toshkent shahar prokuroriga;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga;

Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktoriga;

Adliya vazirligiga

murojaat qilganini bildirdi.

Boshqa guvohlar

«Malika» SMdan chiqish joyi.

Ushbu bozorda savdo qiluvchi tadbirkorlardan biri ismi sir qolishini so‘ragan holda 23 avgust kuni IIBBning bir nechta xodimlari, shuningdek huquq-tartibot organi formasidagi odamlar — katta ehtimollar bilan Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bozordan chiqayotgan avtomobillarni to‘xtatgan.

«Asr vaqtida biz namoz o‘qish uchun masjidga yo‘l oldik. „Malika“ bozoridan chiqish joyidagi budka (patrul-post xizmati punkti) yonida YPX xodimlari mashinalarni to‘xtatdi… Ya’ni mashinalar yo‘lida emas, bozordan chiqish joyida. Ular mashinalarni to‘xtatib old o‘rindiqqa o‘tirib olib, gaplashish. Buning oqibatida unchalik katta bo‘lmagan tirbandlik yuzaga keldi. Bunaqasini bozor hududida ilk bor ko‘rishim», — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ertasi kuni o‘pchilik sotuvchilar ish joyiga soqolsiz kelgan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda biz Jamoliddin Muhammadjon haqidagi xabarni ko‘rgandik, ertasi kuni esa barcha (sotuvchilar) ishga soqolsiz keldi. Ha, soqolidan ajralganlar asosan ko‘chada ishlovchilar bo‘ldi. Ammo biz huquq tartibot organlari xodimlari xizmat va fuqaro kiyimida do‘konlarga kirib, sotuvchilarni ogohlantirganini ko‘rdik», — deya ta’kidladi tadbirkor.

Yana bir sotuvchi anonimlikni saqlash sharti bilan uni bo‘linmaga olib ketmoqchi bo‘lgan IIB xodimlari bilan suhbat haqida aytib berdi.

«Biz soat 14:00 dan keyin tushlik qilgani chiqqanimizda ikki nafar tanish militsiya xodimi meni to‘xtatdi. O‘zlari bilan bo‘linmaga borishim kerakligini aytishdi. Buni soqol qo‘ygan noma’lum odamning jinoyat sodir etgani bilan izohlashdi. Men ularga hali tushlik qilmaganimni, shu sababli vaqtim yo‘qligini aytdim va „Milliy taomlar“ (kafe)ga kirdim. U yerdan taxminan 40 daqiqadan keyin chiqqanimda boshqalarni olib ketishayotganini ko‘rdim. Hatto ozgina soqol qo‘ygan qarindoshimni ham olib ketishdi. Bu voqeadan so‘ng men sharmanda bo‘lmaslik uchun o‘zim soqolimni olishga qaror qildim», — dedi u.

«Gazeta.uz» shuningdek bo‘linmaga olib ketilib, soqoli olingan yana bir inson bilan suhbatlashdi.

«U yerda 100 ga yaqin odam bor edi. Barchasi soqolli. Ularning hech biri (IIB xodimlari — tahr.) o‘zini tanishtirmadi. Bizni nega bo‘linmaga olib kelishganining sababini aytishmadi. Soqolimni olinishiga darrov rozi bo‘ldimmi? Boshqa variant yo‘q edi. Soqol olinishi bilan qo‘yib yuborishlarini aytishdi. U yerda uch nafar sartarosh bor edi. Meni ikki marta — soqol bilan va soqolsiz holatda suratga olishdi. Keyin u yerda uch soat bo‘ldim. Shunchaki (sartaroshga) navbat katta edi», — deydi tadbirkor.

IIBB: Hech kimning soqoli majburlab olinmagan va olinmaydi ham

O‘z navbatida kecha Toshkent shahar IIBB ham mazkur holat yuzasidan bayonot berdi. Unda aytilishicha, poytaxtda har yili shahar aholisi va mehmonlarining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan «Xavfsiz hudud» tadbirlari o‘tkaziladi.

«Shu bilan birga, ushbu tadbirlar davomida jamoat joylariga, masalan Sayilgoh ko‘chasi, bog‘lar va xiyobonlar, ko‘ngilochar-savdo markazlari, bozorlar va hokazolarga alohida e’tibor qaratiladi. Ba’zi ob’ektlarda vaziyatni kuzatish uchun tashqi kuzatuv intellektual kameralaridan foydalaniladi. Ma’lumotlar bazasiga qidiruvda bo‘lgan shaxslarning biometrik pasportlaridagi ma’lumotlar, ya’ni tartib bo‘yicha ko‘zoynaksiz, bosh kiyimisiz va soqolsiz tushirilgan rasmlari kiritilgan», deyiladi bayonotdi.

Shuningdek soqol olinishi holatiga ham to‘xtalib o‘tilgan. «23−24-avgust kunlari Shayxontohur tumanidagi „Malika“ deb nomlanmish savdo maskanida bo‘lib o‘tgan hodisaga to‘xtalsak. Darhaqiqat, u yerda ishlaydigan ba’zi shaxslar bo‘yicha o‘g‘rilik, o‘g‘irlangan qo‘l telefonlarini sotib olish va sotish faktlari asosida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Afsuski, bu kabi holatlar hanuz ro‘y berib turadi va ushbu savdo maskanida rasman va norasman ishlaydigan alohida shaxslar qonunbuzarliklarga aralashib qolishgan. Suhbatga taklif etilganlar soqoli bor yoki yo‘qlarga ajratilmagan, ammo ta’kidlash joizki, soqollilar u yerda ko‘pchilikni tashkil etadi».

«Alohida fuqarolarga tashqi ko‘rinishlarini biometrik pasportdagi rasmlariga muvofiqlashtirish tavsiya etilgan. Deyarli barcha ushbu iltimosni to‘g‘ri tushundi. Ko‘plar soqol qo‘yib yurish ular uchun muhim emasligini, balki vaqt yo‘qligi, modaga taqlid qilish va boshqa sabablarga ko‘ra soqollarini olmaganlarini ma’lum qilishdi», deyiladi IIBB xabarida.

«Shu bilan birga qat’iy ma’lum qilamizki, yuqoridagi holatga diniy mazmunning hech qanday aloqasi yo‘q. Qolaversa, bu vaziyatda dindorlarning hissiyotlari bilan o‘ynashish, mazkur mavzuni bo‘rttirish noo‘rindir», deyiladi bayonotda.