O‘zbekistonda chiqindilari plazma usulida utilizatsiya qilish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha investitsion loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyiha qiymati 15 mln dollarni tashkil etadi, deya xabar berdi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «Gazeta.uz»ga.

Utilizatsiya jarayoniga plazma texnologiyasini joriy etish masalasi 27 avgust kuni Ekologiya qo‘mitasi qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorovning Singapurning Alpha Global Capital (S) Pte. Ltd. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Mazkur texnologiya kam chiqitli bo‘lib, atrof-muhit va aholi salomatligiga ta’siri yo‘q. Plazma usulida chiqindilarni utilizatsiya qilish ularni saralashni talab etmay, xarajatlar nuqtai nazaridan ham maqbul, oddiy usulda utilizatsiya qilishga ketadigan xarajatlarni bir necha barobar qisqartiradi, deya qayd etdi Davlat ekologiya qo‘mitasi.

Plazma texnologiyasi o‘zidan zaharli gazlar va suyuqliklar ajratadigan chiqindilarni poligonlarga ko‘mishga hojat qoldirmaydi. Aksincha, uning yordamida kuniga besh tonnagcha chiqindini qayta ishlab, issiqlik va elektr energiyasi hosil qilinadi. Chiqindilarni yoqish natijasida chiqindilar umumiy hajmining 5 foizi miqdorida kul hosil bo‘ladi. Kul esa o‘g‘it sifatida qishloq xo‘jaligida yoki qurilish materiallarini ishlab chiqarish jarayonida qo‘llanilishi mumkin.

Singapurlik investorlar oqova suvlarni tozalash texnologiyalarini tatbiq etish yo‘nalishida ham investitsion loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishga istak bildirdilar.