Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda «O‘zagrotexsanoat» aksionarlik jamiyati rahbar xodimlari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan o‘z vaqtida ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorining ijrosi va mohiyati haqida ma’lumot taqdim etildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilarining ma’lum qilishicha, joriy yilda vazirlik tomonidan 10 ming 640 dona (2,6 trillion so‘mlik) qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini yetkazib berish belgilangan. 2019 yilning 1-choragida 2609 dona (128,1 milliard so‘mlik), shundan lizing asosida 1 387 dona (34,2 milliard so‘m) yangi texnikalar yetkazib berilgan. Bugungi kunda texnika parkini yangilanish darajasi 2,1 foizni, ta’minlanish darajasi esa 87 foizni tashkil etadi.

«Mazkur qaror asosida fermerlar uchun respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, g‘alla va paxta seyalkalari, shuningdek, uch yoki undan ortiq omoch korpuslarini xarid qilish uchun kredit va lizing shartnomalari bo‘yicha foiz xarajatlari tijorat banklari va lizing kompaniyalari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foiz miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilab berildi», — dedi qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va texnik modernizatsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Qodir Ismoilov.

Ochiq muloqot davomida jurnalistlar fermerlarning chetdan texnikani erkin olib kirishlari yoxud chet ellik importyorlar uchun qishloq xo‘jaligi texnikalarini O‘zbekistonga olib kirishda muayyan to‘siqlarga uchrash holatlari haqida savol berishdi.

«O‘zagrotexsanoatxolding» AJ boshqarma boshlig‘i Bexzod Ayubovga ko‘ra, respublikamizda bu boradagi muammolar haqida ma’lumot yo‘q. Biroq yangi PQ-4268 qarorda belgilangan imtiyozlardan foydalangan holda fermer-klaster mahalliy ishlab chiqarilgan texnikalarni sotib olishda sezilarli darajada mablag‘ tejaydi.

Muxbirlar mutaxassislardan O‘zbekistonda paxta terishda asosan qo‘l mehnatidan foydalanilishi, agar O‘zbekistonda paxta terish mashinalarini ishlab chiqish va eksport qilish tizimi yo‘lga qo‘yilayotgan bo‘lsa, qancha muddat ichida paxta terimi to‘liq mexanizatsiyalashtirilishi va bu paxta sifatiga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi haqida savol berishdi.

— Tan olish kerakki, qo‘lda terilgan paxta mashinada terilgan paxtaga nisbatan o‘z sifatini saqlab qoladi. Ya’ni, paxta qo‘l mehnatida tolalari toza teriladi. 2019 yilda Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida ekspriment tariqasida paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanishni oshirish rejalashtirilgan. Natijalarga qarab 2025 yilgacha bu ko‘rsatkichni 35 foizga oshirish mo‘ljallangan. Hozirgi kunda bu 5 foizni tashkil etmoqda.

Shuningdek, alohida ta’kidlash lozimki, bizda g‘allani o‘z vaqtida yig‘ish uchun texnika 125 foiz ta’minlangan. Avvalgi yillarda g‘alla bir oy mobaynida yig‘ilgan bo‘lsa, bu yil 20 kunda terimni yig‘ib olish imkoniyatiga egamiz. Respublika bo‘ylab g‘alla terimi mavsumida 3500 dona kombaynlar o‘z vaqtida donni isrof qilmay yig‘ish uchun yetarli bo‘lishi aniqlangan bo‘lsa, bizda hozir 4200 dona kombayn mavjud, — dedi Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Qodir Ismoilov. https://aoka.uz/article/0iy9w0rmccua-zbekistonda-pahta-terish-mashinalari-hizmatidan-fojdalanish-5-foizni-tashkil-tadi-ishlo-hzhaligi-wazirligi