«Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi, deya xabar qildi Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram-kanali.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga asosan, sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 17 nafari jazodan to‘liq ozod qilindi, 13 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 20 nafariga esa tayinlangan jazo yengilrog‘i bilan almashtirildi. 50 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish joylaridan ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bag‘riga qaytarildi.

Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddati qisqartirildi va 1 nafar shaxs ozodlikni cheklash jazosidan ozod qilindi.

Afv etilganlarning 4 nafarini ayollar, 1 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxs, 1 nafarini chet el fuqarosi, shuningdek, 39 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan fuqarolar tashkil etadi.