QHTBT portalida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va xufiyona iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish faktlarini aniqlashda yordam bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining qarori loyihasi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat soliq qo‘mitasi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan va xufiyona ishlayotgan tadbirkorlarni aniqlashda yordam bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirmoqchi. Noqonuniy savdo-sotiq bilan shug‘ullanayotgan, yashirin sexlar tashkil etib, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan tadbirkorlar haqida ma’lumot berganlarga pul to‘lanadi.

Unga ko‘ra, quyidagi ma’lumotlarni ma’lum qilingan jismoniy va yuridik shaxslar rag‘batlantiriladi:

• yashirin ishlab chiqarish sexlari;

• kontrabanda yo‘llari bilan olib kelingan tovarlar, shuningdek, kontrafakt va tegishli hujjatlari bo‘lmagan tovarlarni ishlab chiqarish, tashish, saqlash yoki sotish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar (ob’ektlar);

• soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari, jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari amalga oshirilayotgan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash «sxema"lari;

• etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarayotgan, tashiyotgan, saqlayotgan yoki sotayotganlar haqida.

Shular haqida ma’lumot soliq nazorati tadbirida to‘liq isbotini topsa, soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarni rag‘batlantirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Har bir tasdiqlangan xabar uchun byudjetga tushgan bir oylik soliq va majburiy to‘lovlar, shuningdek, undirilgan moliyaviy jarimalar yoki huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan tovar-moddiy boyliklarini sotishdan byudjetga tushumlarning 5 foizi, biroq to‘lov muddatida amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda pul mablag‘lari bilan rag‘batlantiriladi.

Ma’lumotlarni DSQning my2.soliq.uz caytidagi «Soliq huquqbuzarligi haqida xabardormisiz?» rukni orqali yuborish mumkin.