Artilleriya qo‘shinlari mutaxassislari o‘rtasidagi «Men g‘olib» shiori ostida «Eng ilg‘or artilleriya mutaxassisi» tanlovining respublika bosqichi «Kattaqo‘rg‘on» dala-o‘quv maydonida o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Jamoa rahbarlari o‘rtasida qur’a tashlangandan so‘ng, musobaqa shartlariga start berildi. Tanlovda «Hisobchi», «Ayg‘oqchi», «Topobog‘lovchi», «Orudiyachi» va «Minomyotchi» yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar murosasiz va qizg‘in tus oldi.

Barcha harbiy okruglardan yig‘ilgan qatnashchilar dastlab ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish uchun umumqo‘shin himoya kiyimini qisqa fursatda kiyish-yechish me’yorlarini bajardi.

Keyingi bosqichda optik razvedka, topogeodezik bo‘linmalari va hisobchilar maxsus tayyorgarlik mashqlari bo‘yicha bellashdi. Okopda turgan holda, 2 ta qo‘l granatasini uloqtirishda qarama-qarshi esayotgan shamol halal bergan bo‘lsa-da, tanlov ishtirokchilari otish tayyorgarligi bo‘yicha avtomatni yig‘ish-yoyish me’yorlarini muvaffaqiyatli uddaladi.

Yakkalik bahslar bo‘yicha «Hisobchi» yo‘nalishida 1-o‘rin shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar S.Narziyev (Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug)ga nasib etdi. Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar A.Mamajonov (Markaziy harbiy okrug) «Ayg‘oqchi», serjant U.Ikromov (Markaziy harbiy okrug) «Topobog‘lovchi» yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladi.

Jamoaviy o‘rinlarning «Orudiya» yo‘nalishida Markaziy harbiy okrug jamoasi 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Sharqiy harbiy okrug hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug vakillari kuchli uchlikdan joy oldi. «Minomyotchi» yo‘nalishida 1-o‘rinni Sharqiy harbiy okrug jamoasi egallagan bo‘lsa, 2- va 3-o‘rinlarni Markaziy harbiy okrug hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug vakillari band etdi.

Umumiy hisobda harbiy okruglar o‘rtasida 1-o‘rin Markaziy harbiy okrug (3 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medal)ga nasib etdi. Jami 4 medal jamg‘argan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug (1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal) 2-o‘ringa munosib ko‘rildi. Sharqiy harbiy okrug (1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal) jamoasi esa uchta medal bilan kuchli uchlikni to‘ldirdi.

Tanlov yakunida g‘oliblarga kubok, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.