Markaziy harbiy okrugidagi «Forish» tog‘ poligonida 6 mutaxassislik bo‘yicha Mudofaa vazirligi miqyosidagi musobaqa g‘oliblari aniqlandi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Harbiy okruglardan tashrif buyurgan jamoalar «Men g‘olib» shiori ostidagi mutaxassisliklar bo‘yicha chempionatda faol ishtirok etdi. Musobaqa 6 ta mutaxassislik bo‘yicha yakka va hisob tarkibida olib borildi.

Takomillashtirilgan Kalashnikov plumyoti (PKM), Snayper quroli (SVD), Stanokka o‘rnatilgan avtomatik granatomyot (AGS-17) hamda Tankka qarshi (SPG-9) va (RPG) granatomyoti hisobi tomonidan ikki bosqichdagi nazariy va amaliy sinov mashqlarini bajarildi.

Nazariy bosqichda har bir ishtirokchi mutaxassislik bo‘yicha test topshirdi.

Amaliy bosqich tanlovning asosiy qismi bolib, unga ko‘ra, jamoa a’zolari qurollarni noto‘liq qismlarga ajratish-yig‘ish, jismoniy tayyorgarlik elementlari, qurolni to‘g‘ri otish holatiga keltirish va otish mashqlari orqali kuch sinashdi.

Bellashuv Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari tomonidan balli tizim asosida baholanib borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 6 ta yo‘nalish bo‘yicha mutlaq g‘oliblik 3 ta birinchi o‘rin, 1 ta ikkinchi o‘rin hamda 2 ta uchinchi o‘rinlar bilan Markaziy harbiy okrug jamoasiga nasib etdi.

2 va 3 o‘rinlarni Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug (3 ta birinchi o‘rin va 2 ta uchinchi o‘rin) hamda Toshkent harbiy okrugi (2 ta ikkinchi va 2 ta uchinchi o‘rin) jamoalari zabt etdi.

Musobaqa g‘oliblariga Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi polkovnik Qahramon Achilov tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.