Gurlan tumanida istiqomat qiluvchi S. Qurolov mastlik oqibatida qotillikka qo‘l urdi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudining raisi Bobir Umarov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Gurlan tumanining «Nukus» mahallasida istiqomat qilgan S. Qurolov (1992 yili tug‘ilgan, ma’lumoti — oliy, ishsiz, oilali, bir farzandning otasi) onda-sonda ulfatchilik qilib turardi. Uning ko‘ngli o‘sha kuni yaqin do‘sti Ma’murjon bilan ulfatchilikni tusadi. Shu maqsadda choyxonalardan birida dasturxon tuzattirdi. Do‘sti aytilgan vaqtda yakka o‘zi emas, oshnasi O‘ktamboy bilan birga keldi. Sardor ziyofatga mahallasidagi kirakash haydovchilardan biri — Rasul Avazovni ham taklif qildi.

Ulfatlar jam bo‘lgach, quyuq ziyofat boshlanib ketdi. Oradan bir necha soat o‘tgach, ular viloyat markazi — Urganch shahridagi «Koleso» tungi klubiga yo‘l olishdi. To‘rtovlon bir necha o‘n chaqirim yiroqdagi ushbu maskanga O‘ktamboyning «Neksiya» avtomashinasida yetib borishdi.

Ulfatlar bu yerda Gurlandagi choyxonada ichilgan bir necha shisha aroqdan so‘ng har biri 1,5 litrlik uchta idishdagi pivoni bo‘shatishdi.

Tun yarmiga yaqinlashganda ulfatlarni avtomashinasida bu yerga olib kelgan O‘ktamboy uzr so‘rab, davrani tark etdi. Uchovlon esa, «bazmu jamshid»ni yana davom ettiradigan bo‘lishdi. Ular Gurlanga tun yarmidan oqqanda qaytishdi. Ma’murjonni uyigacha kuzatib qo‘ygan Sardor bilan Rasul nimagadir o‘z oilasi bag‘riga qaytishni istashmadi.

…Tanish qizlarga qilingan qo‘ng‘iroqlar ham bejavob qolmadi. Shohida «uchrashuv»ga dugonalaridan birini olib kelish haqidagi taklifni ham bajonidil qabul qildi. Tungi «bazm» endi Yangibozor tumaniga ko‘chdi.

Rasulning avtomashinasida bu yerga yetib kelgan «juftliklar» sinashta xonadonlardan biriga borishdi. Ammo Rasul va Asaloyning gaplari aslo bir-biriga to‘g‘ri kelmadi. Xonadan eshitilib turgan g‘idi-bidi shovqin kuchaygandan-kuchaydi. Jahliga erk bergan Rasul Asaloyga olgan pulini qaytib berishni qat’iy ohangda talab qilar, qiz esa, buni keskin tarzda rad etar, ovozining boricha g‘ashga tegadigan qarg‘anishdan tap tortmayotgandi.

Oxiri to‘rtovlon ortga qaytishdi. Rasulning avtomashinasini bu gal uning o‘zi emas, balki Sardor boshqardi. Asaloyning xarxashasi avtomashina ichida ham avjiga chiqsa chiqdiki, aslo bosilmadi. Sardor boshqarayotgan «Neksiya» katta kanal sohiliga yaqinlashganda tunlari qatnovdan deyarli xoli bo‘ladigan kimsasiz pastqam yo‘l tomon burildi.

Ancha yurgach, u xilvat bir joyda avtomashinani sekinlatgan ko‘yi to‘xtatdi. Avtomashina to‘xtagach, Shohida va Rasul Sardorning talabiga ko‘ra, mashinani tark etishdi. Ular ulovdan tushgach, Sardor negadir shosha-pisha avtomashinaning to‘rtala eshigini ham ichkaridan qulflab olgancha Asaloyga tashlandi va uni qo‘llari bilan bo‘g‘a boshladi. Qiz esa, qarshilik ko‘rsatib, Sardorning betini ayovsiz timdaladi. Tashqarida qolgan yigit va qizning Asaloyni Sardorning changalidan ozod qilishga qaratilgan urinishi behuda ketdi. Ichidan qulflangan eshiklar oradan 10−15 daqiqa o‘tgachgina ochildi. Bu vaqt ichida Asaloyning ovozi butunlay o‘chdi. U allaqachon jon taslim etib bo‘lgandi. Biroq quturib ketgan Sardorning hovuri bu bilan ham bosilmadi. U bo‘g‘ib o‘ldirilgan ojizaning yon-verini titkilab, barcha puli va qo‘l telefonini olib qo‘ydi.

Tong endigina bo‘zarib kelayotgan pallada ushbu mash’um voqea ro‘y berdi.

Dahshatli qotillikka qo‘l urgan Sardor ham, unga shohid bo‘lgan ikkovlon guvoh ham gangib qolishdi. Bir pasdan so‘ng aql-hushini sal yig‘ib oldi, shekilli, Sardor Shohidaga tashlana ketdi. «Sen ham o‘lsang, shunda meni organga hech kim chaqa olmaydi», — dedi u do‘q urgancha. «O‘ldirmang, hech kimga borib aytmayman», — deya Shohida yalinib-yolvorishga tushdi.

Sardor uning sotmasligiga ishondi, chog‘i, indamay qo‘ydi. Nadomatga to‘la chuqur xo‘rsiniq bilan yo‘lda davom etdi.

U avtomashinani tuman markazi tomon emas, balki boshqa bir xilvat go‘sha — Qo‘shko‘pir tumani hududidan o‘tuvchi katta zaxkash tomon haydadi.

Ko‘zlangan manzilga yetgach, Asaloyning jasadini Rasulning ko‘magida zaxkashga tashlab yuborishdi…

Haydovchi va yo‘lovchilarning sukuti uzoq cho‘zilmadi. Sardor tilga kirarkan, talabni yanada qat’iy qo‘ydi: kimki og‘zidan gullasa, boshi ketadi…

Rasul ham, Shohida ham o‘lganning kunidan Sardorning oldida tiz cho‘kishdi, sotmaslikka va’da berishdi.

…Oradan bir kun o‘tdi. Rasul yoshi Sardordan katta esa-da, (1986 yil tug‘ilgan, ma’lumoti — o‘rta, oilali, 2 nafar farzandning otasi, ishsiz) unga bosh egdi, aytganida turdi, sotmadi. Bor voqeani borligicha aytib, bir kun muqaddam sodir bo‘lgan dahshatli voqea — fojiani oshkor etishdan nimagadir o‘zini tiydi. Asaloyning yaqinlari esa, kechadan buyon uyga qaytmayotgan arzanda qizni izlashga tushishdi.

Ular o‘sha tunda u bilan birga chiqib ketgan Shohidani so‘roqqa tutishdi.

Shohida nihoyat chiday olmay tilga kirdi. Bo‘lib o‘tgan ayanchli voqeani boricha aytib berdi. Aniq-tiniq tarzda ko‘rsatma berib, mash’um voqea sodir bo‘lgan va murda yashirilgan joy hamda qotilning ismini oshkor etdi.

Afsus, Rasul sukut saqlashda davom etdi. Mash’um qotillik tafsilotlarini tegishli huquq-tartibot idoralariga ma’lum qilishdek qonuniy majburiyatini ado etishga shoshilmadi. Ammo u ham, kech bo‘lsa-da, esini yig‘ib oldi. Muqarrar jazo va javobgarlik qarshisida turganini ro‘y-rost his etdi va o‘sha mash’um qish tunida ro‘y bergan fojia tafsilotlarini to‘laligicha bayon etib, dahshatli qotillikni fosh etishda tergov organiga faol yordam berdi.

Mash’um qotillik va talon-torojlikka doir haqiqatning yuzaga qalqib chiqishi gumonlanuvchilar gardanidagi qilmish ko‘lamlarini aniqlash va ayb e’lon qilishda alohida o‘rin tutdi. Sud Sardor Qurolovni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirishga taalluqli «v» va «j» bandlari, Rasul Avazovni esa, ushbu kodeksning jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirishga oid 241-moddasi 2-qismi bo‘yicha ayblash yuzasidan tergov organi tomonidan qo‘yilgan aybga e’tiroz bildirmadi, uni asosli, deb topdi. Har ikkala sudlanuvchiga nisbatan tayinlangan jazo esa, mazkur moddalarning sanksiya qismida qayd etilgan miqdorni tashkil etdi. Unga ko‘ra, sud tomonidan qotil sifatida e’tirof qilingan S. Qurolov uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsa, R. Avazov muayyan muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi.