24−26 avgust kunlari Fransiya janubi-g‘arbidagi Biarritse shahrida «Katta yettilik» (G7) sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit ishtirokchilari savdo-sotiq, iqlim o‘zgarishi masalari, shuningdek, Ukraina, Eron, Liviya va Gonkongdagi vaziyatni ko‘rib chiqdi. Sammitga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron raislik qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

G7 ishtirokchi-davlatlari dastlab savdo masalalarini ko‘rib chiqdi. Jumladan, Jahon savdo tashkiloti faoliyati samaradorligini oshirish uchun unga o‘zgartishlar kiritish rejasi muhokama qilindi.

Ro‘yxatning ikkinchi bandidan Eron yajro dasturi o‘rin oldi. «Biz ikki maqsadni to‘liq ajratib oldik: Eronda yadro quroli bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka ko‘maklashish», — deya qayd etdi G7 a’zolari.

Shuningdek, Ukrainadagi vaziyat ham ko‘rib chiqildi. Fransiya va Germaniya yaqin haftalarda «normand formati»dagi uchrashuvni tashkil etishni rejalashtirmoqda. Yakuniy matbuot anjumanida Emmanuel Makron «normand formati»dagi yangi uchrashuv sentyabrda davlat va hukumat rahbarlari darajasida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Ukraina sharqidagi vaziyatni o‘nglash borasidagi muzokaralarning ushbu formati 2014 yil iyunida tashkil etilgan edi. So‘nggi qo‘shma uchrashuv 2016 yil oktyabrda Berlinda bo‘lib o‘tgan.

Yakuniy bayonotning to‘rtinchi mavzusi Liviya bo‘ldi. «Katta yettilik» ishtirokchilari ushbu mamlakatda o‘q otishni to‘xtatish rejimi barqarorligini ta’minlovchi yarashuvni qo‘llab-quvvatlaydi. «Biz faqatgina siyosiy qaror Liviyadagi barqarorlikni ta’minlashga imkon beradi, deb hisoblaymiz», — deyiladi hujjatda. Mamlakatlar rahbarlari mojaroga aloqador barcha tomonlar va mintaqaviy o‘yinchilar ishtirokidagi xalqaro anjuman o‘tkazilishini kutmoqda. 2011 yilda Liviya rahbari Muammar Kaddafi hokimiyatdan chetlashtirilgandan keyin mamlakatda ikkihokimlik hukmronlik qilmoqda. Sharq xalq saylagan parlament, g‘arb, poytaxt Tripoli esa BMT va Yevroittifoq ko‘magida shakllantirilgan Faiz Sarraj boshchiligidagi hukumat qo‘li ostida. Mamlakatning sharqiy qismidagi hokimiyat Tripolidan mustaqil bo‘lib, Liviya milliy armiyasi bilan hamkorlik qiladi.

Bayonotning so‘nggi bandi Gonkongdagi vaziyatga aloqador. Yakuniy bayonot mualliflari zo‘ravonlik sodir etilishidan qochishga chaqirgan. Eslatib o‘tamiz, Gonkongda iyun oyi boshida ekstraditsiya to‘g‘risidagi qonunning ko‘rib chiqilishi ommaviy namoyishlarga sabab bo‘ldi. Gonkong hukumati iyulda tuzatishni ko‘rib chiqish muddatsiz to‘xtatilgani haqida e’lon qildi. Biroq qonun loyihasiga qarshi bo‘lganlar undan to‘liq voz kechishni talab qilib chiqdi. Talab qanoatlantirilmaganidan so‘ng namoyishlar davom ettirildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp sammitda so‘zga chiqib, sammit ishtirokchilari sonini Rossiyani qaytarish hisobiga sakkiztaga yetkazishni taklif qildi. Uning g‘oyasini faqatgina Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte qo‘llab-quvvatladi, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe betaraf qolgan bo‘lsa, boshqa ishtirokchilar buga qarshi chiqdi, deya yozdi Deutsche Welle.

«Katta yettilik» — Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSH, Fransiya va Yaponiyani birlashtirgan xalqaro forum. Rossiya 2014 yilda Ukrainadagi hodisalardan so‘ng uchrashuvdagi ishtirokini to‘xtatdi.