Mustaqillikning yigirma sakkiz yilligi arafasida Qurolli Kuchlar akademiyasida bir qator yangi binolar foydalanishga topshirildi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti «Gazeta.uz»ga.

Marosimda so‘zga chiqqan mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tgan ikki yilda amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlarni e’tirof etdi. Harbiy ta’lim tizimini rivojlantirishdek ulkan maqsadni ko‘zlagan bu kabi islohotlar kursantlarning sifatli va zamonaviy ta’lim olishi uchun yetarlicha shart-sharoit va imkoniyat yaratishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Mehmonlar eng avvalo yopiq suzish havzasi joylashgan binoda bo‘lib, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Suzish havzasida kursantlar yig‘ilganlarga harbiy kiyimda qurollangan holda hamda erkin usulda 25 metr masofaga suzish bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlarni namoyish etdi.


Mudofaa vaziri boshchiligidagi mehmonlar o‘quv binosidagi mashg‘ulot xonalari, jumladan mashg‘ulotlarda foydalanish uchun BTR-80 joylashtirilgan o‘quv sinfini ko‘zda kechirdi. Bu yerda Qurolli Kuchlar akademiyasi situatsion markazi boshlig‘i polkovnik Vladimir Nadimov ularga o‘quv jarayonlarining monitoringini olib borish tartibi, professsor-o‘qituvchilar tarkibining reyting baholanishi, ularning ilmiy salohiyat ko‘rsatkichlarini aniqlashning zamonaviy usullari to‘g‘risida ma’lumot berdi.


Shu bilan birga, birinchi bosqich kursantlari uchun o‘quv jarayonida foydalanish maqsadida beriladigan planshetlarga joylashtirilgan o‘quv va badiiy adabiyotlar, shuningdek, har bir o‘quv binosida o‘rnatilgan ma’lumotlarning elektron kioskasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Foydalanishga topshirilgan kursantlar yotoqxonasi ikki kishiga mo‘ljallangan yotoq xonalari, kursantlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun xizmat qiladigan ma’naviyat va ma’rifat xonasi hamda maishiy xizmat ko‘rsatish xonalaridan tarkib topgan.