O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Sharq taronalari» xalqaro festivalini yoritish uchun kelgan mahalliy va xorijiy blogerlar bilan suhbatlashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

— Keyingi yillarda O‘zbekiston dunyoga ochilmoqda va xalqaro hamjamiyatga haqiqatni yetkazishga intilish bor. Eng muhimi, muhokama qilish, tanqid qilish mumkin, — dedi davlat rahbari.

Mamlakatimizdagi islohotlarni, madaniyatimiz, tarixiy obidalarimizni butun dunyoga tarannum etishda blogerlarning o‘rni katta ekanini ta’kidladi.

— Sizlarni jonajon O‘zbekistonimizda, qadimiy sivilizatsiya markazi Samarqandda ko‘rib turganimdan juda xursandman. Bugun biz O‘zbekistonning yangi tarixini yaratyapmiz. Maqsadimiz — xalqimizga xizmat qilish, odamlarni rozi qilish va kelajakka ishonch bilan qarashini ta’minlash. Bunga sizlar ham hissa qo‘shasizlar deb ishonaman, — dedi prezident.

— Orangizda o‘zimizning qorako‘zlarimizni ko‘rib turibman. Bu menga iftixor bag‘ishlaydi. Bilingki, Prezident sizlarni doim qo‘llab-quvvatlaydi, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Muloqot so‘ngida prezident blogerlar bilan suratga tushdi, ularning faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.