Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘tgan hafta Qoraqalpog‘istonga safari davomida Qorao‘zak tumaniga tashrif buyurib, mazkur tumandagi ikkita maktabning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga. Maktablar ta’mirlangan va bolalarni qabul qilishga shay bo‘lsa-da, ayrim kamchiliklardan xoli emasligi qayd etildi. Xususan, mazkur maktablarda kompyuter sinflarining yo‘qligi o‘quvchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni sifatli egallashlariga to‘sqinlik qilishini inobatga olinib, maktablarni kompyuter va boshqa jihozlar bilan ta’minlash masalasi kun tartibiga qo‘yildi.

27 avgust kuni innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov boshchiligidagi ishchi guruh Qoraqalpog‘istonning Qorauzak tumanidagi 25- va 13-umumta’lim maktablarida bo‘lib, vazirlik tomonidan taqdim etilgan uskunalar hamda jihozlarni topshirdi/

Eng chekka joylardan birida joylashgan mazkur maktablarni zamonaviy talablarga javob berishi, u yerda o‘qiydigan o‘quvchilarning yangi bilimi va ko‘nikmalarni egallashini ta’minlash maqsadida maktablarga 25 ta kompyuter, innovatsion kutubxona materiallari, elektron qo‘ng‘iroq, robototexnika to‘plamlari hamda turli boshqotirma o‘yinlari (tojmot o‘yini, innovatsion xarita, kimyoviy elementlar innovatsion jadvali, QR book va boshqalar) taqdim etildi.

Qorao‘zak tumani Qorao‘zak ovul fuqarolar yig‘inida joylashgan 13-maktabda 47 nafar o‘qituvchi 450 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya bermoqda. Maktab direktori Erkinoy Berdiyeva o‘quv yili boshlanishi arafasida maktabga berilgan e’tibor ayni muddao bo‘lganini, o‘quvchilarning kompyuter bilimlarini egallashlari ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘mak berishini ta’kidladi.

«Maktabga kopyuterlarning o‘rnatilishi ta’limga axborot texnologiyalarni joriy qilishni, yangi bilimlardan xabardor bo‘lishni ta’minlaydi. Endilikda o‘qituvchilar ham o‘quvchilar ham darslarga yanada puxta tayyorlanish, bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Kompyuter asoslarini o‘rgangan, robototexnika kabi ilm-fan yutuqlarini o‘zida mujassam etgan istiqbolli yo‘nalishlar haqida tushunchaga ega yoshlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch ortadi, yangi bilimlarni egallashga ishtiyoq paydo bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan bir qatorda, vazirlik tomonidan har ikki maktabga ham QLF (Quantitative light fluorescence — miqdoriy nur fluorossensiyasi) texnologiyasiga asoslangan Qscan uskunasi taqdim etildi. Bu tishlarning tozalik darajasini aniqlovchi qurilma bo‘lib, u tishlarga yopishib qolgan, ammo ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan ovqat qoldiqlarini, uning tarkibidagi bakteriyalar ajratayotgan zararli moddalarni aniqlab, uni qizil rangda ko‘rsata oladi. Bunda tishlarda yopishib qolgan karashlarni ko‘rgan bolalar yoki ularning ota-onalarida tishlarini to‘g‘ri tozalashga, tish kasalliklari va ularning asoratlari paydo bo‘lmasdan avval stomatologga murojaat qilishiga rag‘bati oshib boradi.