Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov 22 avgustdagi qarori bilan Sherobod tuman hokimi O‘rol Boboqulovning Surxon qo‘riqxonasida mehmonxona qurilishi uchun yer ajratishga ruxsat berish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Avgust oyi o‘rtalarida Ekologiya qo‘mitasi Sherobod tuman hokimining Surxon qo‘riqxonasining bioxilma-xilligini va uning noyob ekotizimini xavf ostiga qoldiruvchi noqonuniy harakatlari to‘g‘risida xabar bergan edi. «Gazeta.uz» yozganidek, may oyida hokim ekologik turizmni rivojlantirish uchun qo‘riqxona hududidan 2163,9 gektar yerni ajratib olib, ushbu maydonni qo‘riqlanuvchi (bufer) hudud deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Iyunda tuman hokimi qarori bilan ushbu hududda mehmonxona qurilishi uchun xususiy tadbirkorga yer uchastkasi ajratilgan.

Tuman hokimining harakatlari O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi — qaysi idoraga tegishli bo‘lishidan qat’i nazar, mamlakatning qo‘riqlanuvchi tabiiy hududlari bioxilma-xilligini saqlash va ulardan barqaror foydalanish ustidan nazorat yuklatilgan organ bilan kelishmagan holda amalga oshirilgan.

Ekologiya qo‘mitasi tuman va viloyat hokimligi, shuningdek Sherobod tuman prokuraturasiga murojaat qilgan. Murojaatga hech qanday javob bo‘lmagani sababli 10 avgust kuni Ekologiya qo‘mitasi vakillari yer ajratilgan tadbirkor, shuningdek, tuman kadastr bo‘limi vakillari hamda Surxondaryo viloyati hokimi bilan uchrashdi.

Viloyat rahbariyatga Surxon davlat qo‘riqxonasi hududiy yaxlitligini saqlash davlat darajasida muhim ahamiyat kasb etishi, undan barqaror foydalanish hozirgi va kelajak avlod manfaatlari uchun zarur ekani tushuntirildi.