Majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishi uchun ma’muriy jarima sezilarli darajada oshiriladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun shanba kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Senatining 21-yalpi yig‘ilishida ma’qullandi.

Hozirda mazkur qoidabuzarlik uchun jarima MJTKning 51-moddasiga ko‘ra eng kam ish haqining 1 dan 3 baravarigachani tashkil etadi. Yangi tuzatish jarima miqdorini EKIHning 10 dan 30 baravarigacha oshirishni ko‘zda tutadi.

Mazkur modda xuddi shu qoidabuzarlik ma’muriy chora qo‘llanilgandan keyin bir yil ichida takror sodir etilgan taqdirda jarima miqdorini EKIHning 30 dan 100 baravarigacha miqdorida oshirishni ko‘zda tutuvchi qism bilan to‘ldirilmoqda.

Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan qoidabuzarlik uchun EKIHning 30 baravaridan 50 barvarigacha, bir yil ichida takror sodir etilgan taqdirda — EKIHning 50 dan 100 baravarigacha miqdorida jarima tayinlanadi.

Majburiy mehnat uchun jarimalar miqdorini sezilarli oshirish tashabbusini o‘tgan yilning kuzida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ilgari surgan edi.