2019 yil 24 avgust kuni «Davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida» prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga ko‘ra, mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi 2020−2021 yillar davomida kamida 20 foizga oshirilishi lozim. Shu maqsadda qator chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan:

importning o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga kafillik va kredit foiz to‘lovlari kompensatsiya qilinadi;

viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida hokimning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimi joriy etiladi.

Shuningdek:

Hisob palatasida importni doimiy tahlil va monitoring qilish yo‘nalishida alohida tarkibiy tuzilma;

Vazirlar Mahkamasida Iqtisodiyot tarmoqlarida va hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari sho‘’basi tashkil qilinadi.

Qaror bilan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha vakolatli organ sifatida belgilandi va unga qo‘shimcha vazifalar yuklandi.