«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi «Sharg‘unko‘mir» korxonasining 200 nafarga yaqin konchisi ish tashlagani yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

23 avgust kuni Centralasian.org nashri 14−15 avgust kunlari «Sharg‘unko‘mir» korxonasining qariyb 200 nafar konchisi ish tashlagani haqida xabar bergan edi. Aksiya ishtirokchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, ishni tashlab, norozilik aksiyasiga chiqishga ularni mehnat sharoitlarining chidab bo‘lmas darajada ekani hamda korxona rahbariyatining noqonuniy xatti-harakatlari sabab bo‘lgan.

«Sharg‘unko‘mir»ni o‘z tarkibiga olgan «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi tomonidan 14 avgust kuni maxsus ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruhi «O‘zbekko‘mir» AJ bosh direktori o‘rinbosari, «O‘zbekko‘mir» AJ ijro intizomini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i, Iqtisodiy tahlil va prognozlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Yuridik boshqarma yuriskonsulti, Ichki audit xizmati auditori, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bo‘lim mudiri va boshqalardan tashkil topgan.

Guruh tomonidan «Sharg‘unko‘mir» korxonasida ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. «Tushunmovchiliklar» yuzasidan barcha ishchi-xizmatchilarga to‘liq ma’lumot berilgan, jumladan, xodimlarga oylik maoshlarini belgilanish tartibi, mukofot pullari haqida ham tushuntirish ishlari olib borildi. Shundan so‘ng xodimlar yana ish joylarida o‘z ishlarini davom ettirishgan, deyiladi xabarda.

Maxsus komissiya norozilik holatlarini atroflicha o‘rganib chiqdi. Natijada 9 nafar mansabdor shaxs o‘z lavozimidan ozod etildi. Mazkur korxonada ishchi-xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, korxonaning iqtisodiy-ijtimoiy xolatlarini to‘liq o‘rganish maqsadida ishchi guruh mutaxassislari «Sharg‘unko‘mir»da o‘z ishini davom ettirmoqda.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» ma’lumotlariga ko‘ra, korxonada o‘rtacha oylik ish haqi 2,343 mln so‘mni, jumladan:

  • ko‘mir qazib olish zaboyning kon ishchisi (GROZ) — 3,8 mln so‘m;
  • yer osti elektrchilangari — 2,1 mln so‘m;
  • yer osti mustahkamlovchisi — 2,49 mln so‘m tashkil etadi.

Korxona ishchilarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga bog‘langan holda mukofotlash Nizomlari ishlab chiqilib, tasdiqlangan. Yer osti usulda ko‘mir qazib oluvchi va lahmlar o‘tuvchi asosiy kasb egalari uchun ishbay ish xaqi tizimi ishlab chiqilgan barcha bajaradigan ishlari bo‘yicha xronometraj kuzatuvlar asosida tannarxlar ishlab chiqilgan.

1 avgust kuni holatiga jamiyatda tasdiqlangan shtat jadvali bo‘yicha ish o‘rni 596 tani, amalda xodimlar soni 542 kishini tashkil etib bugungi kunda 54 ta (jumladan, direktsiya — 21 ta, «Sharg‘unko‘mir» AJ buyicha 33 ta) vakant ish o‘rinlari mavjud.