Prezident, uning oila a’zolari hamda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar rahbarlarini qo‘riqlash Prezident xavfsizlik xizmatiga yuklatiladi. Oliy Majlis Senati qator qonun hujjatlariga tuzatishlar kiritishni ko‘zda tutgan qonunni ma’qulladi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, prezidentning 2018 yil 21 fevraldagi qarori bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha davlat organlari ro‘yxatiga kiritildi.

Avvallari O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, xorijiy davlatlar, hukumatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlarining mamlakat hududida bo‘lib turgan vaqt davomidagi xavfsizligi va himoyasi bo‘yicha vakolatlar Davlat xavfsizlik xizmatiga tegishli edi. Endilikda DXXning bu vakolatlari bekor qilinadi.

PDXX qo‘riqlanuvchi shaxslar doimiy yoki vaqtinchalik bo‘lib turadigan ob’ektlar hamda ular harakatlanadigan yo‘nalishlar xavfsizligini ham ta’minlaydi.

«Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, PDXX huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha vakolatlarga ega bo‘ldi Ular qo‘riqlanuvchi shaxslar manfaatlari, xavfsizligi va dahlsizligiga aloqador huquqbuzarliklarga moyil shaxslar hisobini yuritadi.