O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

«Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz, — dedi prezident. — Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablag‘ni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog‘liq».

Ammo amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan, ta’lim tizimida hamon tizimli muammolar borligi, maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi bugungi zamon talablariga javob bermasligi yig‘ilishda tanqid qilib o‘tildi.

Ta’lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o‘qitish metodlari, ta’lim standartlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda chet eldagi ilg‘or tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an’ana va qadriyatlarga suyanish muhimligi qayd etildi.

Maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta’lim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

«Maktab bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning fikricha, maktabni o‘zgartirmasdan turib jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. «Keling, o‘zimizga savol beraylik: bizning eng katta kamchiligimiz nimada? Kadrlar darajasida, bilimda, dunyoqarashda, vatanparvarlikda. Bularning barchasi unday emas, desak adolatdan bo‘lar edi. Maktablarni o‘zgartirmasdan biz insonni, jamiyatimizni o‘zgartira olmaymiz. Bu aksioma, buni hech kim rad eta olmaydi», — dedi davlat rahbari.

Videoselektorda xalq ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish, muammolarni kompleks hal etish masalalari chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar muhokama etildi. Davlat rahbari o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

«Maktab o‘qituvchisini moddiy rag‘batlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz», dedi prezident.

Yig‘ilishda pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari faoliyatini tanqidiy o‘rganib, takomillashtirish, ularni eng nufuzli ta’lim muassasalariga aylantirish, pedagoglikka moyilligi bo‘lgan yoshlarni maqsadli tarbiyalab borish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Prezident maktablari va ijod maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning samaradorligini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida tuzilma tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Maktablardagi ma’naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, «Milliy g‘oya», «Odobnoma», «Dinlar tarixi», «Vatan tuyg‘usi» kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona «Tarbiya» fanini joriy qilish zarurligi qayd etildi. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarimizning nomlarini berish muhimligi ta’kidlandi.

Oiladagi ta’lim-tarbiya muhiti, ota-onalarning mas’uliyati va o‘qituvchilar bilan hamkorligi masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Maktab hayoti, fidoyi o‘qituvchilar haqida badiiy va hujjatli filmlar, spektakl va videoroliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

«Moddiy va ma’naviy hayotni uyg‘un rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy bo‘g‘in bo‘lishi lozim. Maktab ta’limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur», deb uqtirib o‘tdi davlat rahbari.