Senat 23 avgust kuni 21-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Hujjatga ko‘ra jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida erkaklar va ayollarning huquqlari hamda erkinliklarini kamaytirishga yoki tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash jinsi bo‘yicha bevosita kamsitish hisoblanadi. Sirtdan xolis bo‘lib tuyuladigan, biroq bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlar, holatlar, mezonlar yoki amaliyotlar esa jinsi bo‘yicha bilvosita kamsitish sifatida qabul qilinadi.

Qonunda normativ-huquqiy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi belgilanmoqda. Normativ-huquqiy hujjat erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta’minlash prinsipiga mos kelmasligi aniqlangan taqdirda, gender-huquqiy ekspertiza xulosasi ushbu normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Qonun loyihasida O‘zbekiston qonun hujjatlari talablariga va xalqaro huquq normalariga zid urf-odatlar, an’analar va madaniyatga asoslangan xulq-atvorga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan edi. Biroq Senat ma’qullagan talqinda bu band olib tashlangan.

Quyidagilar jinsi bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi:

  • ayollar uchun homiladorlik, tug‘ish va ko‘krak suti bilan boqish davrida maxsus shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdagi farqlarni belgilash;
  • O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan tartibga ko‘ra harbiy xizmatga faqat erkaklarni chaqirish;
  • erkaklar va ayollar reproduktiv salomatligini asrash bilan bog‘liq mehnat muhofazasini o‘ziga xos xususiyatlari;
  • erkaklar va ayollarning pensiya yoshidagi tafovutlar;
  • qonunchilik asosida jamiyatning barcha jabhalarida erkaklar va ayollarning tengligini ta’minlashga qaratilgan vaqtinchalik maxsus chora-tadbirlarni belgilash;
  • qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va shartlarini hamda jinoiy-huquqiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa choralarni tartibga solishdagi farqlarni belgilash.

Hujjatda qayd etilishicha, jamiyat va davlat ishlarini boshqarish, saylov jarayoni, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya , shuningdek, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida ayollar va erkaklarning teng ishtiroki kafolatlanadi.

Shuningdek, oilaviy munosabatlar va bolalarni tarbiyalashda ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarga ega ekanligi belgilandi.

Oilaviy munosabatlar sohasidagi erkaklar va ayollar huquqlarining tengligi:

  • erkaklar va ayollar nikohining ixtiyoriyligiga;
  • majburiy va erta nikohlarga yo‘l qo‘ymaslikka;
  • er-xotinlarning shaxsiy va mulkiy huquqlari tengligiga;
  • oila ichidagi nizolarni o‘zaro kelishuv bo‘yicha hal qilishga;
  • uydagi mehnat xususida erkaklar va ayollar huquqlari va majburiyatlarining tengligiga;
  • voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquqlari va manfaatlari himoyasini, onalik, otalik va bolalik himoyasini ta’minlashda teng ishtirok etishga asoslangan.

Mehnat munosabatlarida erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlarini ta’minlash maqsadida ish beruvchi (mulkchilik shaklidan qat’i nazar davlat organi, korxona, muassasa, tashkilot rahbari) quyidagilarni ta’minlaydi:

  • ishga yollashda, bo‘sh ish o‘rinlarini egallashda erkaklar va ayollar uchun teng imkoniyatlarni;
  • teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng ish haqini (mukofotni);
  • malaka oshirish, qayta tayyorlash va xizmatda ko‘tarilish uchun teng imkoniyatlarni;
  • korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tugatilganda yoki qayta tashkil etilganda xodimlarni ishdan bo‘shatishda erkaklar va ayollar huquqlarining tengligini;
  • farzandlari bor erkaklar va ayollar uchun qulay bo‘lgan oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliyotni joriy etish va rivojlantirish, homilador va emizikli ayollar uchun qulay shart-sharoit yaratishni;
  • erkaklar va ayollarning hayoti va faoliyati hamda salomatligini saqlashni ta’minlaydigan xavfsiz mehnat sharoitlarini;
  • erkaklar va ayollarga tenglik asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish imkonini beradigan ish sharoitini yaratishni;
  • erkaklar va ayollar uchun mehnat faoliyatini oilaviy majburiyatlar bilan birga bajarish imkoniyatini yaratishni.

Ish beruvchilarga bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi e’lonlarda (reklamada) faqat bir jins vakillariga ish taklif qilish, jinslardan biriga ustunlik berib, turlicha talablar qo‘yish, ishga joylashayotgan shaxslardan o‘z shaxsiy hayoti, farzandli bo‘lish borasidagi rejalari haqida ma’lumotlarni talab qilish taqiqlanadi.