Andijonda shifokor hayotiga tajovuz qilib, ustidan benzin sepib yoqib yubormoqchi bo‘lgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Avval xabar qilganimizdek, 21 avgust kuni Xonabod tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli F. A.ning onasi 64 yoshli I. A.I. ni sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining jarohat oqibatlari va ortopediya bo‘limiga olib kelib, onasini shu bo‘lim mudirining qabuliga olib kirmoqchi bo‘lgan va bo‘lim mudiri bilan o‘rtalarida kelishmovchilik kelib chiqqan.

Shundan so‘ng, F.A.ning bundan jahli chiqib, bo‘lim mudiri qo‘llarini bog‘lab, o‘zi bilan yelim idishda olib kelgan benzin yoqilg‘isini xonaga sepib, o‘ldirish bilan qo‘rqitayotgan vaqtida shu bo‘limda ishlovchi xodimlar F.A.ni ushlab qolishgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),173-moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.