O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati juma kuni 21-yalpi majlisida «Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Qonun 77 nafar senator tomonidan ma’qullangan bo‘lsa, 1 kishi qarshi chiqdi, 2 kishi betaraf qoldi, 4 senator ovoz bermadi.

Qonunning vazifalari — atom energiyasidan foydalanish institutlari va ta’minot tizimlarini shakllantirish uchun huquqiy asoslarini yaratish, qonunchilikka atom energiyasidan foydalanishda fuqarolar va yuridik shaxslar xavfsizligini ta’minlash mexanizmlarini joriy etishdan iborat.

Qonun bilan «atom energiyasi», «yadro yoqilg‘isi», «radioaktiv chiqindilar» kabi tushunchalar joriy etilmoqda.

Hujjatda atom energetikasi sohasida Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari belgilab berildi.

Qonunda yadro qurilmalari va saqlash punktlarini joylashtirish hamda qurish, atom energiyasidan foydalanish ob’ektlaridan foydalanish, yadroviy materiallar va radioaktiv moddalarni tashish, yadro qurilmalari, yadro materiallari, radioaktiv moddalar va chiqindilarni olib kirish hamda olib chiqish, ularni saqlash, qayta ishlash va ko‘mish tartiblari mustahkamlandi.

O‘zbekiston hududiga faqatgina radioaktik chiqindilar va qayta ishlangan yadro yoqilg‘isidan olingan qayta ishlangan mahsulotlarni olib kirishga ruxsat beriladi, deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, qonunga avariyaviy tayyorgarlik va avariya vaqtidagi xatti-harakatlarni tashkil etish, tashqi va ichki avariyaviy rejani ishlab chiqish tartiblari keltirib o‘tilib, radiatsiya ta’sirida yetkazilgan zarar va yo‘qotishlar uchun javobgarlik belgilanmoqda.