Sanoat xafsizligi davlat qo‘mitasi mahalliy hokimiyatlar, Favqulodda vaziyatlar, Madaniyat vazirliklari, Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, «O‘zenergoinspeksiya» bilan birgalikda hududlardagi mavjud 129 ta madaniyat va istirohat bog‘i hamda aholi dam olish maskanlaridagi jami 1 ming 845 ta attraksion ko‘zdan kechirildi va ularning xavfsiz foydalanish talablariga rioya etishi o‘rganib chiqildi. 20 avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida tekshiruv natijalari haqida ma’lumotlar berildi, deya xabar qildi O‘zA.

Ishchi guruhlari attraksionlarning 1292 tasida texnik pasporti mavjud emasligini aniqladi. 1106 tasida attraksionlarni kunlik texnik ko‘rikdan o‘tkazish jurnali yo‘q. 928 attraksionda ishlatish va o‘rnatish bo‘yicha yo‘riqnomalar mavjud emas. Attraksionlarga biriktirilgan xodimlarning 1 ming 258 nafarida o‘qiganlik to‘g‘risidagi maxsus guvohnomalar yo‘q va ular texnikadan foydalanish tartib qoidalarini mutlaqo bilmaydi.

695 attraksionda javobgar shaxs tayinlanmagan bo‘lsa, 931 tasida operator va javobgar shaxslarning lavozim yo‘riqnomalari ishlab chiqilmagan. 854 ta attraksionda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyati mavjud emas.

«Aniqlangan kamchiliklardan ko‘rinib turibdiki, madaniyat va istirohat bog‘laridagi attraksionlarning aksariyati foydalanish talablariga javob bermaydi, — dedi Baxtiyor G‘ulomov. — Bu holat esa inson hayoti uchun xavflidir. Yurtimizga ko‘p attraksionlar xorijiy davlatlardan, xususan, Xitoy Respublikasidan olib kelinadi. O‘zimizda ham ishlab chiqarilayotgan attraksionlar bor. Ammo yetarli tajribaga ega konstruktorlar yo‘qligi sababli yurtimizda ishlab chiqarilayotgan attraksionlar talabga to‘liq javob bermaydi. Natijada bunday qurilmalar inson hayoti va sog‘ligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi»

U joriy yilda Jizzaxda sodir bo‘lgan inson o‘limi bilan bog‘liq fojianing mahalliy ishlab chiqarilgan attraksionda ro‘y berganini ta’kidladi. O‘rganishlar davomida noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan attraksionlar faoliyati ham aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Jizzaxdagi istirohat bog‘ida «Uchar likopcha» atrraksionining qulab tushishi natijasida bir qiz hayotdan ko‘z yumgan edi. Attraksion mart oyida ishga tushirilgan, may oyida esa Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati bog‘ holati to‘g‘risida tanqidiy maqola e’lon qilib, attraksionlarning sifatsiz ekani va baxtsiz hodisa sodir bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida yozgan edi.

Kelgusida bolalar hayoti va sog‘ligi bilan bog‘liq noxush hodisalarning oldini olish maqsadida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi taklifiga binoan 2017−2019 yillar oralig‘ida madaniyat va istirohat bog‘lariga o‘rnatilgan attraksionlar sertifikatlashtirilib, ularga biriktirilgan xodimlar maxsus kurslarda o‘qitiladi. Attraksionlar qurish va ishga tushirishdan oldin texnik ko‘rik va sinovlardan o‘tkaziladi.