O‘zbekiston tijorat banklari 21 avgust kuni jismoniy shaxslarga 15,2 mln dollar sotdi, ularning 9,6 mln dollari — naqd pul ko‘rinishida, qolgan qismi — onlayn, deya xabar qildi Markaziy bank pul-kredit siyosati departamenti direktori Behzod Hamroyev payshanba kuni Xalqaro press-klub sessiyasida.

Xuddi shu kuni banklar tomonidan aholidan sotib olingan xorijiy valyuta hajmi 20 mln dollarni tashkil etdi. «Biz bozorda muvozanat kuzatilayotganini ayta olamiz», — deya qayd etdi MB departament rahbari.

Valyuta birjasida milliy valyuta kursi ketma-ket ikki kundirki mustahkamlanmoqda — 20 avgust kuni dollar kursi 9384 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 21 avgust kuni — 9379 so‘m, 22 avgustda esa 9371 so‘mni tashkil etdi.

20 avgust kuni mamlakat banklari ayriboshlash shoxobchalari orqali naqd ko‘rinishdagi xorijiy valyutani sotishni boshladi. Bunga qadar xorijiy valyutani faqat kartalarga sotib olish mumkin edi.