Ayni kunlarda Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasining Moskva shahriga tashrifi amalga oshirilmoqda. Delegatsiya a’zolari dastlab Moskva hukumati Tashqi iqtisodiy va xalqaro aloqalar departamentida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirok etishdi. O‘zaro muloqot davomida tomonlar Moskva shahrida «Toshkent kunlari"ni o‘tkazish masalasini muhokama etildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bektemir tuman hokimi Shohrux Mamajonov boshchiligidagi Toshkent shahar hokimligi delegatsiyasi Yunusobod va Sergeli tumanlari hokimlari o‘rinbosarlari, Iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi xodimlari hamda tadbirkorlardan tashkil topgan bo‘lib, tashrif davomida delegatsiya a’zolari Moskva shahar Savdo sanoat palatasida bo‘lib, uning mutasaddilari bilan uchrashishdi.

Yig‘ilishda Moskva shahar SSP vitse-prezidenti Suren Vardanyan toshkentlik tadbirkorlarga Moskva shahridagi biznes muhiti, iqtisodiy shart-sharoitlar borasida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, ikki tomon vakillari o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida fikr almashishdi.