O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi (MQKQ) Facebook foydalanuvchisi Otabek Nuritdinovning Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga murojaat qilib, o‘z monopoliyasini to‘xtatishni so‘ragani yuzasidan munosabat bildirdi.

Murojaat muallifi nima uchun 100 so‘mlik mahsulotni, 200 so‘mga olishi kerakligini so‘raydi. «Akfa eshik-romlaringizni narxlari xam o‘ta qimmat. Kamina 12 yillik tajribam bor shu sohada. Rossiyada plastik oyna sohasida ishlaganman. U yerda juda ko‘p ishlab chiqaruvchilar profillari bor — Rehau, KBE, Montblanc, VEKA va x.k».

Otabek Nuritdinov O‘zbekistondagi vaziyatga agarda narxlarini bilmaganda chidash mumkinligini ta’kidlaydi. Uning qayd etishicha, shu yil bahor oylarida plastik oyna buyurtma qilmoqchi bo‘lganida 3 qavatli oynasi bilan hajmi 0,9×1,5 bo‘lgan oyna narxini 2,5−3,5 mln so‘m (20−28 ming rubl) deyishgan. Ayni paytda Moskvada hajmi 1,3×1,4 bo‘lgan standart oyna narxi 6 ming rubl (750 ming so‘m) atrofida bo‘lgan. U polivinilxlorid (PVX) profillari narxi o‘rtasidagi narx va ushbu mahsulotni chegaradan olib kirish uchun bojxona bojining yuqori ekanini ham tanqid ostiga oldi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan bog‘liq kompaniyalarning bozordagi o‘rniga aniqlik kiritdi:

«Crafers» kompaniyasi bo‘yicha

1 avgust holatiga respublika hududida 600dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ekt qandolat mahsulotlarini (assortimentda) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, ushbu mahsulot bozorida juda katta miqdorda import qilingan mahsulotlar mavjud bo‘lgani sababli ushbu bozor ancha past konsentratsiyalashgan, raqobat esa yuqori darajada rivojlangan.

Bundan tashqari, bozordagi ulushlar tahlil qilinganda, qaysidir xo‘jalik yurituvchi sub’ektning ustun mavqega ega ekanligi aniqlanmadi. Oddiy qilib aytganda, «Crafers» — monopolist emas, u qandolat mahsulotlari bozori holatiga xech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

«Artel» kompaniyasi bo‘yicha

1 avgust holatiga O‘zbekistonda 10tadan ortiq kompaniya elektr maishiy texnikasini (yirik va mayda) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Statistika organlaridan olingan ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 100dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar «Artel» kompaniyasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga o‘xshash mahsulotlarni ishlab chiqarish va import qilish bilan shug‘ullanib kelmoqdalar.

Demak, yuqorida qayd etilganidek, ushbu mahsulotlar bozorida raqobat yuqori darajada rivojlangan, demak, «Artel» kompaniyasi va unga tegishli affillangan korxonalar ustun mavqega ega emas, ya’ni ular monopolist emas.

«Akfa Group» kompaniyasi bo‘yicha

1 avgust holatiga respublika miqyosida plastmassadan eshik va rom ishlab chiqaruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning soni 180tadan oshgan.

Bundan tashqari, mazkur bozorda alyuminiydan eshik va rom ishlab chiqaruvchi 400tadan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ham faoliyat ko‘rsatadilar.

Umuman olganda, ushbu bozorda ham konsentratsiya darajasi past, raqobat esa yetarli darajada rivojlangan.

Biroq, mazkur bozordagi ishlab chiqarilayotgan alyuminiy va plastik mahsulotlarning texnik va texnologiya jihatidan o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanini hisobga olgan holda, Qo‘mitahar ikkala mahsulotlarni ishlab chiqarishda ma’lum bir kompaniya yoki shaxslar guruhi ustun mavqega egami, yo‘qligini aniqlash maqsadida qo‘shimcha o‘rganish ishlarini olib borishiga to‘g‘ri keladi. O‘rganish natijalari alohida ma’lum qilinadi.

Bozor munosabatlari sharoitida davlatni xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatiga aralashishiga haqqi yo‘q. O‘z navbatida, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘z faoliyat yo‘nalishlarini, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari va ko‘rsatayotgan xizmatlari narxlarini (tariflarini) mustaqil belgilaydilar.

Qo‘mitaning qayd etishicha, ustun mavqe tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi sub’ektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holatidir.