Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali ichki ishlar xodimining qanday holatlarda kuch ishlatishi mumkinligi haqida ma’lumot berildi.

Qonunchilikka ko‘ra, agar ichki ishlar xodimi zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni kuch ishlatmasdan turib bajarishining iloji bo‘lmasa, u quyidagi hollarda kuch ishlatishi, jumladan kurashning jang usullarini qo‘llashi mumkin:

jinoyatlarga va ma’muriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish uchun;

jinoyatlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun;

ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun.

Jismoniy kuch ishlatilishi shaxslarning xatti-harakatlari xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak.

Jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qo‘llanilganligi natijasida shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida ichki ishlar organlari prokurorga darhol xabar berishi shart.