Qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga yoki majburiy to‘lovlar bo‘yicha o‘z majburiyatini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar yoki to‘lovlar majburiyati yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, bu holat bankrotlik alomatlari deb e’tirof etiladi.

To‘lovga qodir bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning bankrotlik mexanizmini shakllantirish milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim shartlaridandir. Bankrotlik taomili faqat byudjet tashkilotlarigagina emas, balki barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga ham tatbiq qilinadi.

Bankrotlik instituti to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan qarzdorlarning tijorat faoliyatini tugatish va iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘z faoliyatini qayta tashkil qilib, to‘lov qobiliyatini tiklash imkoniyatini beradi. Bu o‘z navbatida, iqtisodiyotni sog‘lomlashtirishga yo‘l ochadi.

Shu o‘rinda «Bankrotlik to‘g‘risida"gi qonunning ahamiyatini alohida ta’kidlash zarur. Chunki ushbu qonun bozor iqtisodiyoti sharoitida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida ro‘y beradigan iqtisodiy nochorlikni qonuniy asoslarda tahlil qilib beradigan yagona qonun hujjati sifatida maydonga kelgan.

Mazkur qonun qabul qilinganidan so‘ng yurtimiz iqtisodiy sudlari faoliyatida bankrotlik jarayoni bilan bog‘liq ko‘plab ishlar ko‘rilgani e’tiborlidir.

Bu borada xalqaro tajribaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ilmiy tadqiqotlarda bankrot korxonalarni sog‘lomlashtirishning turli chora-tadbirlari xususida so‘z boradi. Aksariyat tadqiqotchilar korxonani sog‘lomlashtirishning 30 ga yaqin turi mavjudligini qayd etgan.

O‘zbekistonda korxonalarni sog‘lomlashtirishning sanatsiya usulidan ham keng foydalanilmoqda. Aslida sanatsiya, bankrotlik kabi institutlar bozor munosabatlariga xos bo‘lgan va muayyan sharoitlarda yuzaga keluvchi iqtisodiy jarayon hisoblanadi.

Aytish kerakki, sanatsiya instituti sudgacha sanatsiya va sud sanatsiyasi jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Sudgacha sanatsiya iqtisodiy sudlar tomonidan bankrotlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilmasdan oldin amalga oshiriladi. Sud sanatsiyasi esa, iqtisodiy sudlar tomonidan qarzdorning to‘lash imkoniyatlarini tiklash hamda kreditorlar oldidagi qarzini qoplash maqsadida joriy etiladi.

«Bankrotlik to‘g‘risida"gi qonunning 32-moddasida sudgacha sanatsiya chora-tadbirlari ko‘rsatilgan. Bu taomilni sud sanatsiyasi jarayonida ham qo‘llash mumkin.

Bankrotlik jarayonidagi ushbu bosqichning ahamiyatli tomoni shundaki, sud sanatsiyasini amalga oshirish orqali qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlashning oldini olish mumkin.

Aks holda, qarzdorning xo‘jalik yurituvchi sub’ekt sifatida tugatilishiga olib keladi.

Qarzdorning boshqaruv organi, jumladan, uning rahbari qarzdorni o‘z faoliyatini yuritish va uning mol-mulkini tasarruf qilish vakolatidan ozod qilmaydi. U sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi rahbarligida o‘z funksiyalarini bajarishda davom etadi.

Bunga Xorazm viloyat iqtisodiy sudi amaliyotida ko‘rilgan va bankrotlik jarayonida sog‘lomlashib ketgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga doir ko‘plab ishlarni misol keltirish mumkin.

Xususan, Dehqonobod tuman davlat soliq inspeksiyasi G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza bilan murojaat qilib, «Mus-tafo bobo» xususiy korxonasini bankrot deb topishni so‘ragan.

Arizachi, shuningdek, «Mustafo bobo» xususiy korxonasi faoliyat ko‘rsatmayotgani va kreditorlik qarzini to‘lash imkoni yo‘qligi aniqlanganini ma’lum qilgan. Shu sababli ushbu korxonani bankrot deb topish va tugatish jarayonini qo‘llashni so‘ragan.

O‘z navbatida, G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 26 fevraldagi hal qiluv qarori bilan qarzdor «Mustafo bobo» xususiy korxonasi bankrot deb topilgan va tugatishga doir ish ochilgan.

Bundan norozi bo‘lgan qarzdor apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Ya’ni u G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 26 fevraldagi hal qiluv qarorini bekor qilib, da’voni rad qilishni so‘ragan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil apreldagi xatiga asosan mazkur ish apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun Xorazm viloyat iqtisodiy sudiga yuborilgan.

Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, Dehqonobod tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qarzdorning moliyaviy ahvoli o‘rganilganda, qarzdorning byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalardan 1 014 768 818,63 so‘m qarzi borligi aniqlangan.

Qarzdor uch oy va undan ortiq muddatdan buyon 1 014 768 818,63 so‘m qarzini to‘lay olmagan. Shu sababli soliq organi korxonani bankrot deb topishni so‘rab sudga murojaat qilgan.

G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudining 2018 yil 7 dekabrdagi ajrimi bilan soliq inspeksiyasining arizasi ish yurituvga qabul qilinib, qarzdorga nisbatan bankrotlik ishi qo‘zg‘atilgan va kuzatuv taomili joriy etilgan. Sudning 2019 yil 4 yanvardagi ajrimi bilan korxonaga muvaqqat boshqaruvchi tayinlangan.

Biroq ishdagi hujjatlar shundan dalolat beradiki, qarzdorning nomida maxsus texnika vositalari, qimmatli qog‘ozlar hamda ko‘chmas mulklar, shuningdek, debitorlik qarzdorliklari mavjud bo‘lgan.

Shunday bo‘lsa-da, kreditor va davlat ijrochisi tomonidan qarzni qarzdor nomidagi 2 196 811 320 so‘mlik qiymatga ega asosiy vositalar, ya’ni mavjud mulklardan undirish chorasi ko‘rilmagan.

Qashqadaryo viloyat yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Dehqonobod tuman filialining 2018 yil 10 iyuldagi ma’lumotnomasida xususiy korxona nomida umumiy yer maydoni 14 900,00 kv. metr, qurilishosti maydoni 1 323,58 kv. metrli savdo markazi kompleksi 2008 yil 25 martdagi 370-sonli reyestr bilan davlat ro‘yxatiga olingani bayon qilingan.

Shuningdek, «Davtexnazorat» inspeksiyasi Dehqonobod tuman bo‘limi tomonidan 2018 yil 11 iyulda berilgan ma’lumotnomada «Mustafo-bobo» xususiy korxonasi nomida LW500FN rusumli yuklagich traktor va SAMSUNG MX 291 rusumli ekskavator kabi maxsus texnikalar mavjudligi qayd etilgan.

Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysining 2018 yil 8 oktyabrdagi ma’lumotnomasida esa, «Mustafo bobo» xususiy korxonasi nomida «Qishloqqurilishbank"ning nominal qiymati 119,25 so‘m bo‘lgan oddiy aksiyalari mavjudligi aniqlangani ma’lum qilingan.

Dehqonobod tuman davlat soliq inspeksiyasi taqdim qilgan ma’lumotnomada mazkur xususiy korxonaning qoldiq soliq qarzdorligi 734 984 788,10 so‘mni tashkil qilishi qayd etilgan. Biroq keyinchalik «Mustafo bobo» xususiy korxonasining ko‘char va ko‘chmas mol-mulki hamda debitorlik qarzdorligi, qimmatli qog‘ozlari mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Fuqarolik kodeksining 57-moddasida tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxs, davlat korxonasidan tashqari, shuningdek, matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish olib borayotgan yuridik shaxsning kreditorlar talablarini qondirishga qurbi yetmasa, sudning qaroriga muvofiq u nochor, ya’ni bankrot deb hisoblanishi hamda yuridik shaxsning bankrot deb hisoblanishi uning tugatilishiga olib kelishi qayd etilgan.

Yuqorida bayon etilgan holatda qarzdorning qarzni to‘lashga to‘lov qobiliyati mavjud ekani negadir soliq organi va birinchi instansiya sudi tomonidan inobatga olinmagan.

Qonunda ushbu holat bo‘yicha aniq normalar belgilangan. Ammo kreditor sifatida soliq organi va sud ijrochisi «Mustafo bobo» xususiy korxonasidan qarzdorlikni majburiy undirish choralarini ko‘rmagan.

«Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi qonunning 40-moddasiga muvofiq, ijro hujjatlarida ko‘rsatilgan undiruv amalga oshirilmagan yoki qisman amalga oshirilgan taqdirda, sud ijrochisi bu haqida tegishli dalolatnoma tuzadi. Ushbu dalolatnomani katta sud ijrochisi tasdiqlaydi.

Mazkur modda talabiga ko‘ra, ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha undiruvni amalga oshirish mumkin bo‘lmagan taqdirda, byudjetga hamda davlat maqsadli fondlariga soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha boqimanda qarzdorlikni undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjati davlat soliq xizmati organiga, davlat daromadiga o‘zga undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjati esa, tegishincha ushbu hujjatni bergan sudga yoki boshqa organga qaytariladi.

Biroq Majburiy ijro byurosi Dehqonobod tuman bo‘limi tomonidan ushbu qonun normasiga zid ravishda, davlat ijrochisining bu haqidagi dalolatnomasi va qarori tuzilmagan. Ishda ijrochining ijro ishini yurituvga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori va ijro varaqasini tugatish va boshqaruvchiga qaytarish to‘g‘risidagi yozishmasi nusxalari mavjud, xolos.

Apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Xorazm viloyat iqtisodiy sudining apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’ati G‘uzor tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 26 fevraldagi hal qiluv qarorini bekor qildi.

Sudlov hay’ati kreditor — Dehqonobod tuman davlat soliq inspeksiyasining «Mustafo bobo» xususiy korxonasini bankrot deb topish va unga nisbatan tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi arizasini rad qilish yuzasidan yangi qaror qabul qildi.

Sud tomonidan, shuningdek, korxonani tugatishga doir barcha harakatlar to‘xtatildi. Sud xarajatlarini to‘lash mas’uliyati arizachi zimmasiga yuklandi.

Ish yakuniga ko‘ra, Dehqonobod tuman davlat soliq inspeksiyasining mas’ul xodimiga nisbatan intizomiy javobgarlik masalasini hal qilish uchun Qashqadaryo viloyat davlat soliq boshqarmasiga xususiy ajrim yuborildi.

Bunday misollar hayotimizda ko‘p uchramoqda. Eng muhimi, milliy iqtisodiyoti tobora ravnaq topayotgan mamlakatimizda asosiy maqsad — tadbirkorlik sub’ektlarini bankrot qilish emas, balki ularni moddiy va moliyaviy jihatdan sog‘lomlashtirishga ko‘maklashishdan iborat ekanini aslo unutmasligimiz kerak.

Zero, tadbirkorlarimiz xalqaro munosabatlarda raqobatbardosh sub’ekt sifatida o‘zini namoyon etib, iqtisodiyot rivojiga munosib hissa qo‘shishidan barchamiz birdek manfaatdormiz. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bizning muhim vazifamiz kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashdan, bu soha ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iborat.

N. Allaberganova, Xorazm viloyati iqtisodiy sudining sudyasi