Joriy yilning 3 avgustidan 17 avgustigacha davom etgan «ArMI — 2019» xalqaro armiya o‘yinlarida 39 ta davlatning 200 dan ortiq jamoasi qatorida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 14 yo‘nalishda ya’ni, Belarusda «Merganlik marrasi», Xitoyda «Qurolsoz usta» va «Musaffo osmon», Qozog‘istonda «Artilleriya olovi ustasi», Eronda «Yo‘l patruli», Hindistonda «Qo‘shin razvedkasi a’lochilari», Rossiyada «Tank biatloni», «Elburs halqasi», «Sodiq do‘st», «Xavsiz marshrut», «Dala oshxonasi», «Harbiy ralli», «Rembat», O‘zbekistonda «Harbiy-tibbiy estafeta» musobaqalarida faol ishtirok etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

O‘tgan yil umumjamoa hisobida 32 mamlakat harbiylari o‘rtasida oltinchi o‘rinni egallagan o‘zbekistonlik harbiylar joriy yil jami 11 yo‘nalishda — 2 ta birinchi, 4 ta ikkinchi, 5 ta uchinchi o‘rinni egallab, 5-pog‘onaga ko‘tarildi.

Markaziy harbiy okrugning «Forish» tog‘ poligonida o‘tgan «Harbiy-tibbiy estafeta» musobaqasi qizg‘in bahslarga, vakillarimiz uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘ldi. Yurtdoshlarimiz shartlarni bajarish jarayonida o‘tgan yilgi rekordlarni bir necha bor yangiladilar. Xususan, tibbiy xizmat kapitani Bobojon Elmurodov to‘siqlar osha yugurishda 2018 yilgi Rossiya rekordini 53 soniyaga qisqartirib, marraga 1 daqiqa 50 soniyada yetib keldi. Individual mahorat va o‘q uzishda ham unga teng keladigani topilmadi. Xuddi shu musobaqada Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilar, oddiy askarlar Hokimbek Madaminjonov, Xayrullo Olimov, Liliya Manasipova, serjant Oydinoy Ubaydullaxo‘jayeva ham rekord o‘rnatdi.

Natijada O‘zbekiston vakillari Rossiya va Qozog‘istonlik hamkasblarini ortda qoldirib, 1-o‘rinni egallab, shohsupaga ko‘tarildi.

«Tank biatloni» musobaqasida vakillarimiz bu yil birinchi marta ishtirok etdi. Shunga qaramay, tankchilarimiz Moskva viloyatida joylashgan Alabino poligonida «Tank biatloni» II divizionining yakka tartibdagi poyga, yarimfinal bosqichlarida bor mahoratlarini namoyish qilib, finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

Final bahsida yurtdoshlarimiz T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, manyovrchanlik va tezkor harakatlanish, turli murakkab to‘siqlardan betalafot o‘tish, belgilangan nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etdi.

Yashil tankda harakatlangan O‘zbekiston jamoasi finalda Vetnam, Kuba va Uganda jamoalaridan 17 daqiqa oldin, ya’ni 2 soat 7 daqiqayu 22 soniyada marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va II divizionning mutlaq g‘olibiga aylandi.

Xalqaro armiya o‘yinlarining «Sodiq do‘st» musobaqasida 2017 yilda 3-o‘rinni, 2018 yilda 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston harbiy kinologlari joriy yilda 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

1600 metr masofaga estafeda yugurish shartida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Sodiq Dilmurodov o‘zining «Klift» laqabli xizmat iti bilan rekord o‘rnatdi. Vakilimiz belgilangan masofani 5 daqiqayu 59 soniyada bosib o‘tdi. «Sodiq do‘st» musobaqasi tarixida hali bunday ko‘rsatkich bo‘lmagan, deya e’tirof etishdi mutaxassislar.

Omsk shahrida o‘tkazilgan «Rembat» — «Eng ilg‘or ta’mirlash va evakuatsiya bataloni» musobaqasi qizg‘in bahslar bilan kechdi. Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Abdumalik Najmidinov otish tayyorgarligi bosqichining «Eng yaxshi mergan» nominatsiyasida eng yuqori 100 ballni to‘plab, bu borada tengsiz ekanligini namoyish etdi. Ushbu musobaqada birinchi marotaba ishtirok etgan mamlakatimiz vakillari dunyoning kuchli 8 jamoasi o‘rtasida faxrli

2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Eng muhim mutaxassisliklardan biri «Qo‘shin razvedkasi a’lochilari» musobaqasi Hindistonning Jaysalmer shahri hududidagi poligonda bo‘lib o‘tdi. Rossiya, Belorus, Qozog‘iston, Armaniston, Xitoy, Hindiston va Sudanning qo‘shin razvedkachilari bir necha bosqichlarda kurash olib bordilar.

Beshinchi bosqichda o‘zbek razvedkachilari qurol-aslahalar va to‘liq jangovar ekipirovkada suvli to‘siqdan suzib o‘tish shartini 13 daqiqayu 22 soniyada bajarib, musobaqa rekordini o‘rnatishdi.

Yakunda shohsupa quyidagicha ko‘rinish oldi:

I o‘rin — Hindiston;

II o‘rin — O‘zbekiston;

III o‘rin — Rossiya.

Tantanali yopilish marosimida to‘qqiz nafar harbiy xizmatchimiz alohida nominatsiyalar bo‘yicha yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

«Elburs halqasi» xalqaro musobaqasida ishtirokchi davlatlar harbiy xizmatchilari bir necha shartlarni o‘ta murakkab tog‘ sharoitida va kuchli bosim ostida bajardilar. Kabardin-Bolqordagi Elburs cho‘qqisiga uyushtirilgan marsh harbiy alpinistlarni jiddiy sinovdan o‘tkazdi.

O‘nlab maxsus vazifalarni o‘z ichiga olgan marsh davomida ular Terskol cho‘qqisi, Azau yalangligi, Priyut-11, Elbrusning dengiz sathidan 5642 metr baland bo‘lgan g‘arbiy cho‘qqisigacha 20 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tdilar. Marsh davomida balandlikning umumiy o‘zgarishi 2200 metrga teng bo‘ldi.

Final bellashuvlarida O‘zbekiston jamoasi Elbrusni birinchi bo‘lib zabt etdi. Vakillarimiz ushbu musobaqalarda 2017 va 2018 yil 4- va 5-o‘rinlarni egallagan edi. Joriy yil 12 041 ball jamg‘argan O‘zbekiston jamoasi shohsupaning ikkinchi pog‘onasini egalladi.

O‘zbekistonning «Yo‘l patruli» jamoasi Eronda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada kuchli uchlikdan joy oldi. Jamoalar yetti harbiy xizmatchi tarkibida «Lada Vesta» markasidagi avtomobillarda ekstremal sharoitlarda turli murakkab shartlarni bajarish, individual poyga, qo‘l va jezl yordamida yo‘l harakatini tartibga solish, g‘ildiraklarni almashtirish, harbiy-texnik estafeta shartlari bo‘yicha bellashdilar.

Qozog‘istonning «Otar» bazasi poligonida «Artilleriya olovi ustalari» xalqaro tanlovida Armaniston, Belarus, Venesuela, Ozarbayjon, Zimbabve, Eron, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Suriya, Tojikiston va O‘zbekiston jamoalari birinchilik uchun o‘zaro kurashdi.

«Individual poyga», «Tungi sprint» va «Estafeta» deb nomlangan uch bosqich bahslarining yakuniy natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik artilleriyachilar kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi.

«Dala oshxonasi». Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Shri-Lanka, Vetnam, Mo‘g‘uliston, Janubiy Afrika Respublikalari jamoalari kurash olib bordi.

O‘zbek harbiy oshpazlari musobaqaning ikkinchi bosqichida pishiriq va sharbat tayyorlash shartini muvaffaqiyatli bajarib, yarim finalga yo‘l oldi. So‘nggi bosqichda esa vakillarimiz dala sharoitida tayyorlagan ikkitadan birinchi va ikkinchi taomlar, sharbat va shirinlik (desert) hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi va ular 10 ta jamoa orasida faxrli 3- o‘rinni egalladilar.

Tyumen viloyati dala-o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan «Xavfsiz marshrut» yo‘nalishi bahslari Su-24 bombardimonchi samolyoti va Mi-8 vertolyotining shartli aviazarbalari sharoitida boshlandi. Jang holatiga maksimal darajada yaqinlashtirilgan musobaqa jarayonida o‘zbekistonlik muhandis-sapyorlar jangovar vazifani muvaffaqiyatli ado etish uchun qulay sharoit yaratish, dushmanga talafot yetkazish va uning harakatlarini qiyinlashtirish kabi vazifalarni o‘z ichiga olgan shartlarning yakuniy ballariga ko‘ra, yetti davlat jamoalari o‘rtasida 3-o‘ringa loyiq deb topildi.

Tantanali yopilish marosimida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Shavqiddin Narzullayev va kichik serjant Feruz Guchchiyev «Eng ilg‘or BAT-2 ekipaji» nominatsiyasi g‘olibi deya e’lon qilindi.

Xitoyning Korla shahrida o‘tkazilgan V Xalqaro armiya o‘yinlarining «Musaffo osmon» musobaqasi 3 bosqichda: «mahorat», «hamkorlik» va «aralash estafeta» shartlari bo‘yicha o‘tkazildi.

Xitoy, Rossiya, Belarus, Misr, Venesuyela, Pokiston va O‘zbekiston jamoalari «Type 92A» BTR texnikasida harakatlanish, QW-2 ko‘chma zenit raketa majmuasidan soniyasiga 250−300 metr tezlikda uchayotgan «Vertolyot» nishonini hamda 12,7 millimetrli zenit pulemyot qurilmasidan boshqa nishonlarni yakson qilish mashqlarini bajardi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi 2018 yilda 5-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu yil 3-o‘rinni egalladi.