18 avgust kuni Rossiyaning Novosibirsk viloyatidagi K-17r trassasining 374-kilometrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida yetti nafar O‘zbekiston fuqarosi jarohatlandi. Barcha jabrlanuvchilar Novosibirsk viloyati Karasuk shahri Markaziy tuman shifoxonasiga joylashtirildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Novosibirsk viloyati bo‘yicha Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Honda Step Wagon mikroavtobusi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va avtomobil yo‘l chetidagi ariqqa ag‘darilgan. Avariya natijasida haydovchi va 62 yoshli yo‘lovchi ayol olgan tan jarohatlari natijasida tez tibbiy yordam mashinasida vafot etgan.

YTH yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, avariya sabablari va tafsilotlariga aniqlik kiritilmoqda.

O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi vaziyatni o‘z nazorati ostiga oldi va huquqni muhofaza qilish organlari hamda tibbiyot muassasalari bilan aloqada bo‘lib turibdi, deyiladi xabarda.