Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani markazida 18×36 o‘lchamdagi zamonaviy sport zali hamda 25×11 o‘lchamdagi suzish havzasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Mo‘ynoq tumani hokimi o‘rinbosari Ilyas Mirzambetovning ta’kidlashicha, umumiy qiymati 5,7 milliard so‘m bo‘lgan yopiq suzish suv havzasi tumanda ilk bor ishga tushmoqda.

Yaqinda «Orol» futbol stadioni qurilib, u yerda tuman yoshlari sportning futbol, regbi, yengil atletika turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratilgan edi. 18×36 o‘lchamdagi zamonaviy sport zalida basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi sport turlari bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoit yaratilgan.

Bundan tashqari Mo‘ynoq shahrida «Future Moynak», «IT-Center» va «Book Café» markazlari qurilmoqda va yaqin orada ishga tushadi.

Eslatib o‘tamiz, IT-markazlarida o‘quv asosan 4 yo‘nalishda, ya’ni, animatsiya, veb-dizayn, kino-video mahsulotlari, kompyuter o‘yinlarini ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha bilim beriladi. Shuningdek, o‘quvchilarga darslar jarayonida dasturlash, kompyuter animatsiyasi, 2D grafika, 3D modellashtirish ham o‘rgatiladi.