O‘zbekiston moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida milliy valyuta kursining keskin tebranishi oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ma’lum qildi.

«Iqtisodiyotga kiritilgan qo‘shimcha sarmoyalar, albatta, o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatdi. Iqtisodiyotning o‘sganini hech kim inkor qila olmaydi. Shunga qaramasdan, agarda ijobiy va salbiy tomonlarga e’tibor qilsak, ushbu salbiy holatlar barcha ijobiy yutuqlarimizni yutib yubormasligi uchun iqtisodiy siyosatni moliyaviy xarajatlarimizni yanada tartibga solish sari qayta yo‘naltirish vaqti keldi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moliya vazirligi fiskal — davlat byudjeti, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlari ustidan «qattiq monitoring» o‘rnatadi.

U valyuta operatsiyalari yoki import bo‘yicha cheklaovlar joriy etilishi to‘g‘risidagi rejalar va muhokamalar bo‘lmaganini ham ma’lum qildi. «Kurs o‘zgarishlariga faqatgina hozirgi talab va taklifga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar sabab bo‘lmoqda», — dedi Ishmetov.

Seshanba kuni Markaziy bank tijorat banklariga 20 avgustdan ayriboshlash shoxobchalari orqali naqd xorijiy valyutalarni sotishga ruxsat berganini e’lon qildi.