O‘zbekistonda denominatsiya qilish rejalashtirilayotgani yo‘q, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

«Denominatsiya, bu — oddiy narsa emas, bu shunchaki uchta nolni olib tashlash emas. Bu katta iqtisodiy tayyorgarlik, iqtisodiy xarajatlarni talab qiladi, — dedi u. — Biz uchun buni amalga oshirishga hech qanday ehtiyoj yo‘q».

Markaziy bank rahbari qaysidir davlat denominatsiya o‘tkazmoqchi bo‘lsa, u avvaliga iqtisodiy barqarorlikka erishib olishi zarur.

«Biz avvaliga iqtisodiyotga bozor mexanizmlarini joriy etamiz. Bu g‘oyani [denominatsiya haqidagi] unutishingiz mumkin. Markaziy bank raisi sifatida hammaga yetkazishni xohlar edimki, hech kim denominatsiya qilish haqida hatto o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q», — dedi Mamarizo Nurmuratov.

U, shuningdek, ulkan inflyatsion bosim ostida valyuta kuchli qadrsizlangan yoki iqtisodiy barqarorlikka erishib, inflyatsiya bir xonali raqamlarda aks etganda, masalan 3−4 foizni tashkil etganda yoxud hisob-kitoblar bilan bog‘liq muammolar kuzatilganida amalga oshirilishini ta’kidlab o‘tdi.

Denominatsiya to‘g‘risidagi gap-so‘zlar 20 avgust kuni ertalab ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, xuddi shu kuni Markaziy bank tijorat banklari naqt xorijiy valyutalarni sotishni boshlagani haqida e’lon qildi.