2019 yil 19 avgust kuni «Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, universitet qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar va mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida universitetning O‘simliklar va qishloq xo‘jalik mahsulotlari karantini bakalavriat ta’lim yo‘nalishida ta’limning kredit tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Universitet va uning filiallarida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab yangi 12 ta bakalavr va 12 ta magistratura mutaxassisliklari tashkil etiladi.

Universitet qoshidagi Qibray akademik litseyi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilayotgan kasb-hunar kollejlari negizida oliy maktablar tashkil etiladi.

2020 yil 1 avgustga qadar oliy maktab bitiruvchilari uchun bakalavriatning 3 yillik maxsus ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi.

Oliy maktabda o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi darajasida kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida kadrlar tayyorlanadi va kichik bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy etiladi.

Kichik bakalavr ta’lim dasturi bitiruvchilari 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab mos bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kirish sinovlarisiz suhbat orqali Universitet va uning filiallariga bakalavrlar tayyorlashning maxsus 3 yillik dasturi bo‘yicha o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘ladi.