O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti Xorazm viloyati Yangibozor tumani IIB xodimlari tomonidan fuqaro Bunyod Sapayevning kaltaklanishi haqidagi xabarlar yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini xabar qildi. Bunyod Sapayev jinoyat, aynan o‘g‘rilik jinoyatini sodir etishga aloqadorlikda gumon qilinmoqda.

«Hozirda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda, natijalari haqida qo‘shimcha xabar beriladi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Shovot tumanidan bo‘lgan 25 yashar qassob Bunyod Sapayev 15 avgust oqshomida Yangibozor tuman ichki ishlar bo‘limida tergovchilar tomonidan ayovsiz kaltaklanib, olgan jarohatlari tufayli shifoxonaga tushganini haqidagi xabarlar tarqalgan edi. «Ozodlik» radiosining ma’lum qilishicha, ichki ishlar organlari xodimlari bir yosh ayolning shikoyati asosida uni o‘g‘irlikda gumonlab uyidan olib ketgan. Sapayev IIB bo‘limida aybni bo‘yniga qo‘yish uchun uni to‘rt soat davomida do‘pposlagani hamja rezina to‘qmoq orqali zo‘rlash bilan tahdid qilganini aytgan.