O‘zbekiston Vazirlar Makhamasining 17 avgustdagi qarori bilan Qo‘qon universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash va boshqalar Qo‘qon universitetining asosiy vazifasi etib belgilandi.

Universitetda o‘qitish O‘zbekistonda amaldagi mavjud ta’lim shakllarida o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Universitet nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanib, ta’lim faoliyati 2019/2020-o‘quv yilidan boshlanadi.

Qarorga muvofiq bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda universitet tomonidan belgilanadi.

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.