AQSH Davlat departmenti 15 avgust kuni e’lon qilingan shaffoflik bo‘yicha har yillik hisobotda O‘zbekistonni shaffoflik uchun minimal talablarni bajarmayotgan 67 ta davlat ro‘yxatiga kiritdi. Ro‘yxatdan Ozarbayjon, Xitoy, Mirs, Iroq, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni singari davlatlar joy oldi.

Hujjatda AQSH 2018 yil 1 yanvardan 31 dekabrgacha moliyaviy yordam ko‘rsatgan 140 hukumat faoliyati tahlil qilingan. Bunday tahlillar AQSH soliq to‘lovchilari mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlashga yordam beradi, deyiladi hisobotda.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston tasdiqlangan davlat byudjetini keng jamoatchilikka e’lon qilgan holda sezilarli o‘sishga erishdi. Biroq e’lon qilingan byudjet hujjatlari rejalashtirilgan xarajatlar hamda daromadlar oqimini to‘liq aks ettirmaydi. Unda vazirliklar xarajatlari va qarz majburiyatlari haqidagi batafsil ma’lumotlar keltirilmagan. Shuningdek, tabiiy resurslardan olingan daromadlar va hukumatning byudjetdan tashqari hisoblari to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor qilingani yo‘q.

Davlat departamentining qayd etishicha, quyidagilar amalga oshirilsa, O‘zbekistonning fiskal shaffofligi ta’minlanadi:

  • qarz majburiyatlari, vazirliklarning batafsil xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish;
  • byudjet hujjatlari ishonchliligini ta’minlash;
  • hukumat tomonidan byudjetning ijro etilishi bo‘yicha auditorlik hisobotlarini «oqilona muddatlarda» tayyorlash va e’lon qilish;
  • tabiiy resurslarni qazib olish uchun litsenziya va shartnomalarni taqsimlash bo‘yicha qonun hujjatlari talablarini oshkor qilish hamda ularning amaldagi ijrosiga rioya etish va boshqalar.