2016 yilda qabul qilingan amaldagi O‘zbekiston Bojxona kodeksining yangi tahriri loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat 9 bo‘lim, 35 ta bob va 296 moddadan (hozirda — 12 bo‘lim, 59 bob va 412 modda) tashkil topgan. Muhokamalar 1 sentyabrga qadar davom etadi.

Yangi kodeksda «bojxona boji», «bojxona deklaratsiyasi», «tarif bilan tartibga solish choralari», «transport hujjatlari» kabi tushunchalarni joriy etish taklif qilinmoqda. Qonuniylik, bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilganda shaxslarning teng huquqliligi hamda bojxona operatsiyalarining shaffof, aniq-ravshan va izchil amalga oshirilishi bojxona qonunchiligining prinsiplari etib belgilandi.

Yangi Bojxona kodeksini ishlab chiqish prezident Shavkat Mirziyoyevning bojxona xizmatini isloh qilish to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan edi. Dastlab yangi tahrirni o‘tgan yilning noyabrigacha ishlab chiqish rejalashtirilgan edi.