Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev va uning turmush o‘rtog‘i Raisa Atambevaning mamlakatdagi 25 ta tijorat bankidagi hisob raqamlari unga qarshi jinoyat ishi doirasida muzlatildi. Bu haqda BBC rus xizmati Bosh prokuratura ma’lumotiga tayangan holda xabar qildi.

Bundan tashqari, sobiq prezident oilasiga tegishli bo‘lgan bir qator kompaniya va tashkilotlar, jumladan «Qirg‘izavtomash», «Aprel» telekanali, «Media Forum» va «Aprel» jamoat fondi hibs ostiga olindi.

Raisa Atambeva jurnalistlarga unga qarshi ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qildi. U buni Prezident apparatining sud islohotlari va qonunchilik bo‘limining sobiq rahbari Manas Arabayev bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Almazbek Atambayevga qarshi jami 12 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U, jumladan, qotillik, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish, korrupsiya va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda.