Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom» guruhida 16 avgust kuni Vazirlar Mahkamasi xodimi va o‘zini tadbirkor deb atagan fuqaro o‘rtasida yuzaga kelgan tortishuv aks etgan video e’lon qilindi va muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Videoda tadbirkor Vazirlar Mahkamasi xodimiga uning muammosini hal qilishi uchun hukumatdan oylik olayotganini aytadi. Shuningdek, xodimni 45 daqiqadan buyon kutayotgani va unga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmayotganini ta’kidlaydi. Davlat xizmatchisi esa uni «terpila» deb atab, ketishini so‘raydi.

Mazkur masala yuzasidan fuqaro bilan qo‘pol muomalada bo‘lgan xodim ustidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. Vazirlar Mahkamasi xodimi xizmat vazifasiga nomuvofiq, deb topildi va egallab turgan lavozimidan ozod qilindi, deyiladi hukumat portali xabarida.