Bugun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida boks federatsiyasining Tokio olimpiadasiga tayyorgarligi yuzasidan hisobot-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar берди.

Konferensiyani O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Murod Mamadaliyev boshlab berdi. U o‘z taqdimotida barchani Xalqaro olimpiya qo‘mitasining boks musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlagan tizimi, bokschilar qaysi musobaqalar orqali litsenziya qo‘lga kiritishi, olib boriladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari borasidagi rejalar bilan tanishtirdi. Ma’lumki, XOQning qarori bilan boks bahslari Tokio olimpiadasida erkaklar o‘rtasida 10 vazn toifasidan 8 taga tushirilgan. 7−21 sentyabr kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tadigan jahon chempionatida yangi vazn toifalari amal qiladi. Tadbir doirasida ushbu dunyo birinchiligida ishtirok etadigan terma jamoa tarkibi ham e’lon qilindi:

-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Miraziz Mirzaxalilov
-63 kg: Elnur Abduraimov
-69 kg: Bobousmon Baturov
-75 kg: Fanat Qahramonov
-81 kg: Dilshod Ro‘zmetov
-91 kg: Sanjar Tursunov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Murod Mamadaliyev o‘z chiqishi davomida jahon chempionatida delegatsiya uchun maxsus ishlab chiqilgan kiyimlar taqdimotini ham o‘tkazdi.

Shundan so‘ng terma jamoa bosh murabbiyi Marat Qurbonov so‘zga chiqib, jahon chempionati va olimpiadaga tayyorgarlik bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Tayyorgarlik bo‘yicha muammo deyarli bo‘lgani yo‘q. Avvalgi jahon chempionati bilan solishtiradigan bo‘lsak, tarkib 60 foizga o‘zgargan. Yekaterinburgdagi dunyo birinchiligi ko‘p mamlakatlar uchun olimpiada tayyorgarlik yo‘lidagi yirik nazorat turniri bo‘lib xizmat qiladi. Biz Rossiyada qatnashadigan tarkibimizni olimpiada saralashiga ham olib boramiz, deyishdan yiroqman. Ularning qayd etgan natijalariga qarab kelasi yil yanvar oyida Xitoyda o‘tadigan kvalifikatsiya turniriga tarkib o‘zgarishi ham mumkin. Aynan ushbu saralashda biz maksimal darajada litsenziya olishga harakat qilamiz», — dedi Marat Qurbonov.