«Tungi» va «kunduzgi» tariflarni joriy etish elektr energiyasini yetkazib berishdagi uzilishlar sababli hozircha imkonsiz. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Xuddi shu sababni avvalroq energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev ham aytib o‘tgan edi.

«Agarda tariflarni kechasi arzon, kunduzi qimmat qilsak, bizning asosiy muammomiz — elektr energiyasini yetkazib berishdagi cheklovlar bilan to‘qnash kelamiz. Agarda biz iste’molchiga arzon bo‘lgan vaqtda iste’mol qilishga imkon bersak, ushbu tanlovni 24 soat yetkazib berishni kafolatlash bilan mustahkamlashimiz kerak. Nima uchun iste’molchiga tejash imkonini bermagan holda uni kunduzgi qimmat tarif bo‘yicha to‘lashga majburlashimiz kerak?» — degan edi vazir o‘rinbosari 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Energetika vazirligi yaqin kelajakda esa elektr energiya narxlarini uni iste’mol qilish hajmiga ko‘ra differensiyatsiya qilish imkoniyati ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. «Bu umumjahon amaliyoti — uchta tarif joriy qilinadi — bazaviy, pasaytirilgan va yuqori. Bu hisob-kitob tizimini birmuncha murakkablashtiradi, ammo shu bilan birga, iste’molchilarga nisbatan eng adolatli qaror bo‘ladi», — deyiladi xabarda.