Avvalroq Jizzax, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan 32 ta mikrogidroelektr stansiyasi loyihasi o‘zini oqlamaydi, degan qarorga kelindi. Suv oqimi davrining qisqaligi, suv bosimi (1−4,5 m) va sarfining (soniyasiga 0,25 — 4 kub metr) pastligi bunga sabab bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining 12 avgustdagi qarorida bu haqda so‘z boradi, deya xabar qildi Norma.uz.

«O‘zbekgidroenergo» kompaniyasi hamda «Gidroloyiha» loyiha instituti mutaxassislari Andijon, Jizzax, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida mikroGESlar qurilishi uchun istiqbolli maydonchalarda o‘rganishlar olib bordi.

Mutaxassislar uchastkalardagi tekshiruvlarni Jizzax viloyatidagi Zomin suv ombori kanalida quvvati 200 kVt bo‘lgan mikroGES qurilishi bo‘yicha sinov loyihasi natijalarini hisobga olgan holda olib bordi.

O‘rganishlar jarayonida mutaxassislar yangi mikroGESlar qurilishi uchun Andijon (6), Qashqadaryo (2), Samarqand (5) va Farg‘ona (1) viloyatlarida jami 14 ta istiqbolli suv oqimi uchastkalarini aniqladi. Ushbu uchastkalarda suv bosimi (6−90 m), suv sarfi (soniyasiga 1−8 kub metr) va yil davomida oqim davriyligi yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.

Shunday qilib, umumiy quvvati 10,05 kVt bo‘lgan jami 19 ta mikroGES quriladigan bo‘ldi. Qurilish uchun 12 mln dollardan ziyod mablag‘ sarflanadi. Ularni 2019 yilning to‘rtinchi hamda 2020 yilning uchinchi-to‘rtinchi choraklarida foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.