UzAuto Motors kompaniyasi 1.5 l. Turbo dvigatelli yangilangan Malibu Facelift avtomobili savdosi boshlanayotganini ma’lum qildi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati. Yangilangan Malibu O‘zbekiston bozorida Malibu 2.5l. o‘rnini egallaydi hamda uning yangi texnologik va tejamkor (30%) davomchisi bo‘ladi.

Olduzatmali avtomobil avvalgisidan 100 kilogrammga yengil ekanligiga qaramay, uning uzunligi taxminan 12 santimetrga oshgan. Bunday natijaga uning 1,5 litrli 160 ot kuchiga ega turbomotori sababli erishilgan.

«Shuni qayd etish lozimki, mazkur modelning narxi avvalgisidan 5 million so‘mga arzon va u issiq iqlimli mamlakatlar uchun ayni muddao sanaladi. Yangilangan modelning ranglar palitrasi ham keng doirada taqdim etilgan. Darvoqe, ushbu model go‘zal ayollarimiz uchun ham juda mos keladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek ayni damda yangilangan Facelift Malibu Turbo 2 l. avtomobilining ham savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu modeldagi avtomobillarni yetkazib berish 2019 yilning sentyabr oyidan boshlanadi.

Xaridorlarning Malibu avtomobiliga bo‘lgan talabi kattaligini inobatga olgan holda UzAuto Motors Asaka banki, InfinBank va O‘zavtosanoat-lizing bilan birgalikda avtomobilni bayramona aksiya shartlarida xarid qilish taklif etilmoqda.

«Xaridorlarga shuni ma’lum qilamizki, hozirgi vaqtda Malibu 2.5l. avtomobili juda oz miqdorda chegaralangan ranglar palitrasida qolgan va ushbu model ishlab chiqarishdan to‘xtatilmoqda», — deya ma’lum qildi kompaniya.

Kompaniya dilerlar bilan birgalikda Malibu2.5 l. avtomobili uchun shartnoma tuzgan mijozlar oldidagi majburiyatlarini to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini kafolatlashini ma’lum qildi.