Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi zaharlanish oqibatida og‘ir ahvolga tushib qolgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosini Samara viloyatidagi tibbiyot muassasasidan Moskvadagi Milliy gematologiya tibbiy tadqiqot markaziga olib borish tashkillashtirildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati Qozon shahridagi bosh konsulxona ma’lumotlariga tayangan holda xabar qildi.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus samolyoti 16 avgust kuni «Jukovskiy» aeroportiga qo‘ngan. Uni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi rahbari hamda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisining Moskvada migratsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi kutib olgan. Ular O‘zbekiston fuqarolarini maxsus transportda tashish va gematologiya markaziga joylashtirishga yordamlashgan.

Hozirda Samara viloyati tibbiyot muassasalariga borib, vatandoshlarga yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida shifokorlar guruhi shakllantirilmoqda, deya qayd etdi Mehnat vazirligi.

Avval xabar qilinganidek, iyul oyida o‘rtalarida Rossiyaning Samara viloyatidagi «Koshelevskiy posad» korxonasida ishlayotgan 69 nafar o‘zbekistonlik noma’lum moddadan zaharlangan edi. Ulardan biri hayotdan ko‘z yumdi, yana 48 kishi turli tibbiyot muassasalarida davolanishni davom ettirmoqda.