Bosh prokuratura davlat organlari va tashkilotlarining mutasaddi xodimlari uchun qisqa muddatli majburiy kasb etikasi kurslarini joriy etishni taklif etmoqda. Bu O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Davlat organlarida faoliyat ko‘rsatuvchi boshqaruvchilar kurslarda odob-axloq, kasb etikasining o‘zga xosliklari, mojaroli vaziyatlarni hal etishning ehtimoliy yo‘llari, etikaning asosiy tushunchalari bilan tanishtiriladi.

Xodimlarni ishga qabul qilingandan eng kamida uch oy ichida va mutaxassislik bo‘yicha malaka oshirayotgan vaqtda kasb etikasi kursidan o‘tkazish taklif qilinmoqda. Tinglovchilarga bu davrda o‘rtacha oylik maoshi saqlanadi.

Kurslar sirtqi yoki masofadan o‘tkazilishi mumkin, ta’lim bepul bo‘ladi. O‘quv rejalari va dasturlari Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan ishlab chiqiladi.

Hujjatda tadbirkorlar va boshqa tashkilotlarga ham xodimlari uchun kasb etikasi ta’limini joriy etishni tavsiya qilish rejalashirilmoqda.