Arnasoy tumanida Vetnam Sotsialistik Respublikasi investorlari tomonidan baliq, qoramol va tovuq uchun omuxta yem ishlab chiqaradigan «MTT SEA FOOD» mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Ergash Saliyev so‘zga chiqdi. Bu haqda Jizzax viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident joriy yilning 30−31 yanvar kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida Arnasoy tumanida 2019−2020 yillarga mo‘ljallangan 32 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Dasturga muvofiq, 352 milliard 96 million so‘mlik mablag‘ o‘zlashtirilib, 2 ming 382 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.

Ushbu topshiriqlar asosida hozirgacha Arnasoyda bir necha yirik loyiha amalga oshirildi. Jumladan, loyiha qiymati 51 milliard so‘m bo‘lgan yuqori sifatli mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «ARNASOY GOLD TEKS» mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi barpo etilib, ming nafar qishloq xotin-qizlari ish bilan ta’minlanadi. Zamonaviy 450 ta tikuv dastgohi bilan jihozlangan korxonada yiliga 50 million AQSH dollari miqdorida tayyor mahsulot ishlab chiqarilib, Turkiya, Rossiya, Germaniya va Osiyoning bir qator davlatlariga eksport qilinadi.

Shuningdek, Aydar-Arnasoy ko‘llari direksiyasida baliq chavoqlari, tumandagi «Oltin yulduzli uzumzor» fermer xo‘jaligida 100 gektar maydonda vinobop uzum, «Arnasoy Beg Agro» mas’uliyati cheklangan jamiyatida 400 gektar maydonda eksportbop yeryong‘oq, uch turdagi qovun yetishtirish va boshqa loyihalar amalga oshirilmoqda.

«MTT SEA FOOD» MCHJ tarkibida barpo etilgan yem zavodi davlat rahbarining topshirig‘i bilan amalga oshirilgan navbatdagi yirik loyihalardan biridir. Loyiha qiymati 2,7 million dollar bo‘lgan ushbu xorijiy korxona bir kecha-kunduzda 4−6 tonna omuxta yem ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonada 68 ta ish o‘rni yaratildi.

Korxonani foydalanishga topshirish marosimida hokimliklar, xorijlik investorlar, respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan baliqchilik fermer xo‘jaliklari rahbarlari, tuman jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti barcha sohalar kabi baliqchilikni rivojlantirishda ham yaxshi samara berayotgani qayd etildi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat qoshida yiliga 50 million baliq chavog‘i yetishtiradigan inkubatsiya sexi ishga tushirildi. Inkubatsiya sexi chavoqlar parvarishi, xona harorati mo‘’tadil bo‘lishini ta’minlaydigan xorijiy uskunalar bilan jihozlangan.

Korxona qoshida baliq va baliq mahsulot-larini saqlaydigan 200 tonnalik muzlatgichli omborxona ham barpo etilayotir. Ushbu inshootni joriy yil oxiriga qadar ishga tushirish mo‘ljallangan.

Shuningdek, korxona qoshida 45 gektar maydonda sun’iy ko‘l barpo etildi. Hozir ko‘lda sazan, oq amur, do‘ngpeshona kabi baliqlar ko‘paytirilmoqda.

Bundan tashqari, korxonada baliqlarning mahsuldor zotlarini ko‘paytirish bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Shu maqsadda Vetnamdan 510 ming dollarga mahsuldor zotli baliqlar keltirilib, baliqchilik xo‘jaliklariga sotildi. Soha mutaxassislari xorijdan keltirilgan baliqlar mahalliy zotlar bilan chatishtirilganda ularning mahsuldorligi oshishiga kafolat bermoqda.

Boshqa viloyatlardan kelgan baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlari, tarmoqda faoliyat yuritayotgan fermerlar, mutaxassislar Arnasoyda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Korxonadan yem, baliq chavoqlari, zotdor baliqlar xarid qilish bo‘yicha kelishuvlar, o‘zaro tajriba almashuvlar bo‘ldi.