Toshkent viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda Oqqo‘rg‘on tumani markazidagi dehqon bozorida yoymachi ayollarning ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlanishi tasvirlangan videolavha yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, mazkur voqea 14 avgust kuni 11:00 da «Oqqo‘rg‘on Dehqon bozori» MCHJ hududida sodir bo‘lgan. Bozorga A.Navoiy ko‘chasi tomonidan kirish qismida tuman hokimi qarori bilan bo‘sh turgan yer maydonida fuqaro Qurbonov Davron Ergashevich tomonidan ikki qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi qurilishi uchun ruxsat berilgan. Qaror asosida ustalar qurilish ishlarini boshlagan.

Ular bozorga kirish yo‘lini devor bilan berkitayotgan vaqtida, shu yerda poliz ekinlari va oziq-ovqat mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanayotgan ayollar qurilayotgan devor o‘zlarining savdosiga xalaqit qilishini aytib, qurilishni to‘xtatishni talab qilishgan.

Tushuntirishlarga qaramay, 5 nafar savdogar ayol quruvchi ustalar va bozor rahbarini haqorat qilib, ko‘plashib qurilayotgan devorni buzib tashlagan.

Shundan so‘ng voqea joyiga ichki ishlar organlari vakillari yetib borib, holat yuzasidan tegishli hujjatlarni qonuniy, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirish vaqtida xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaganligi sababli ularning ayrimlari qo‘lga olingan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan.

Tuman hokimi, hokimning o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulnora Abdunajimova voqea joyida bo‘lib, xotin-qizlar bilan suhbatlashgan. Ular ayni paytda ish kundalik ishlari bilan mashg‘ul.